1-apreldan avtobenzin va gaz shoxobchalarida hisob-kitoblar elektron tizimda amalga oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlashga “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda inspeksiya va uning hududiy boshqarmalari bu borada o‘rganish ishlari va profilaktik tadbirlar olib bormoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmati rahbari Navro‘z Norboboyev qayd etganidek, iqtisodiyotda shaffoflikni oshirish va yashirin mablag‘ aylanishini kamaytirish maqsadida elektron to‘lovlar tizimi keng joriy qilinmoqda. Bu nafaqat aholi uchun qulay va xavfsizlikni ta’minlaydi, balki davlat soliq tushumlarini ham oshirishda muhim ahamiyatga ega. Avtomobillarga yonilg‘i quyish va gaz shoxobchalarida elektron to‘lov tizimini joriy etish ham aynan shu yo‘nalishdagi katta qadam sanaladi.
–Mazkur chora-tadbirlar doirasida “O‘zenergoinspeksiya” Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi hamda soliq organlari xodimlari hamkorligida viloyatdagi avtotransport vositalariga yonilg‘i quyish hamda gaz to‘ldirish shoxobchalarida profilaktik o‘rganishlar olib borilmoqda. O‘rganishlar jarayonida shoxobchalarda naqdsiz hisob-kitoblarni keng joriy etish, to‘lov tizimlarining uzluksiz ishlatilishi hamda hisob-kitoblarning qonuniy yuritilishi holatlari alohida nazorat qilinadi. Mazkur profilaktik tadbirlar yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qiladi, –dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yil 1-apreldan yonilg‘i quyish shoxobchalarida aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish uchun to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA