Gandbol bo‘yicha musobaqaning Respublika bosqichi g‘oliblari aniqlandi
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida 17-30 yoshdagilar o‘rtasida gandbol bo‘yicha musobaqaning Respublika bosqichi yakunlandi.
Mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va yosh avlodni ommaviy sportga keng jalb etish borasidagi islohotlar yangi bosqichga chiqdi. Buning yorqin isboti sifatida, «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida o‘tkazilgan gandbol bo‘yicha «O‘zbekiston mahallalar uyushmasi kubogi»ning Respublika bosqichi yurtimizda haqiqiy sport bayramiga aylanib ketdi.

Hududiy saralashlarda minglab tengdoshlari orasidan saralanib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan eng kuchli mahalla jamoalari Andijon va Toshkent shaharlaridagi muhtasham sport majmualarida bosh sovrin uchun maydonga tushdi.
Hududlardan saralash bosqichlari orqali yo‘llanma olgan jamoalar Respublika bosqichida g‘oliblik uchun kuch sinashdi. Qizlar bahslarida Andijon viloyati, yigitlar o‘rtasidagi final bahsida esa Toshkent shahri jamoasi eng yuqori natijani qayd etdi.

Jumladan, qizlar jamoasi o‘rtasida 1-o‘rin Andijon viloyatiga, 2-o‘rin Samarqand viloyatiga, 3-o‘rin Navoiy viloyati jamoalariga nasib qildi.
Yigitlar o‘rtasida 1-o‘rin Toshkent shahri, 2-o‘rin Farg‘ona viloyati hamda 3-o‘rin Samarqand viloyati jamoalariga berildi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarni sportga jalb etish, sog‘lom raqobat muhitini yaratish va yangi iqtidorlarni kashf etish yo‘lida davom etmoqda. Ushbu musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki o‘zbek gandbolining ertangi kuni bo‘lmish yangi iqtidorlarni kashf etish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA