Zomin davlat qo‘riqxonasida bir kun
Tabiat resurslari vazirligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan Zomin davlat qo‘riqxonasi Baxmal bo‘limiga media-tur tashkil etildi.
22 may – Xalqaro bioxilma-xillik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda dastlab Zomin davlat qo‘riqxonasi haqida batafsil ma’lumot berildi. 500 dan 2 ming 500 yoshgacha bo‘lgan noyob tabiiy archazorlarni va archazorlardagi hayvonot hamda o‘simlik dunyosini asrash maqsadida 1928 yil Turkiston tog‘ tizmasida “Zomin tog‘ archazorlari” Davlat qo‘riqxonasi tashkil etilgan bo‘lib, oradan 66 yil o‘tib Birinchi prezidentimizning 1994 yil 7 oktyabrdagi “Zomin davlat qo‘riqxonasi hududiy kengaytirish va uni qo‘riqlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan qo‘riqxona hududining aniq chegaralari belgilab chiqilgan.
O‘zining 95 yillik tarixiga ega Zomin davlat qo‘riqxonasi Jizzax viloyatining Zomin va Baxmal tumanlari hududida joylashgan. Zomin o‘rmon xo‘jaligi, “Zomin milliy tabiat bog‘i”, Baxmal o‘rmon xo‘jaligi, “Muzbuloq” qishloq fuqarolar yig‘ini, “Baxmal” fermer xo‘jaliklari uyushmasi va qo‘shni Tojikiston Respublikasi davlat chegarasi bilan chegaradoshligi ta’kidlandi.
– Qo‘riqxonaning umumiy maydoni 26 ming 921, o‘rmon bilan qoplangan maydon 22 ming 373, boshqa yerlar 4 ming 548 gektarni tashkil etadi, – deydi Zomin davlat qo‘riqxonasi direktori Xo‘jabek Safarov. – Shundan qo‘riqxonaning Zomin bo‘limi 15 ming 614, Baxmal bo‘limi 11 ming 307 gektar maydonni egallagan. Ayni paytda, chegaradosh hududlardagi qo‘riqxona chegarasida 1,5-2 kilometrgacha masofada 8 ming 770 gektar qo‘riqlash maydoni mavjud. Mazkur qo‘riqxona hududidagi purvuqor tog‘lar dengiz sathidan 1 ming 700 metrdan 4 ming 29 metrgacha balandlikka ega uch zonani – tog‘larning pastki, o‘rta va yuqori qismlarini o‘z ichiga oladi.
Qo‘riqxona yerlari tarkibiga asosan tog‘ tizimlari kirib, hududning janubiy qismi Turkiston tog‘ tizmasining tik jarliklaridan, shimoliy qismi esa biroz tekisroq rel’efli supalardan iborat bo‘lib, Zomin davlat qo‘riqxonasidagi umumiy aylanmalar soni 16 tani, shundan Zomin bo‘limida 9 ta, Baxmal bo‘limida 7 ta aylanma mavjudligi qayd etildi.
Qo‘riqxonaning Baxmal bo‘limi o‘ziga xos biologik xilma-xillikka ega bo‘lib, o‘simliklar va hayvonot dunyosini muhofaza qilish maqsadida bu yerda muntazam ravishda nazorat ishlari olib borilayotganiga guvoh bo‘ldik.
Zomin davlat qo‘riqxonasining Baxmal bo‘limi boshlig‘i, uning chegara ishlari bo‘yicha va ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, 7 nafar nozir, 3 nafar qorovul, 3 nafar ishchi-xizmatchilar faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, ular zarur avtotransport vositalari va ot-ulovlar bilan ta’minlanganligini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
– Aholi yashash hududlariga yaqin aylanmalarning barchasiga to‘laligicha to‘siqlar tortilib chegaralangan va bundan ko‘zlangan maqsad, aholi qo‘y-echkilari, yirik shoxli mollarining qo‘riqxona hududiga kirib, jonli tabiatni payhon qilmasligi yoki fuqarolar kirib, turli, ov yoki boshqa maqsaddagi taqiqlangan ishlarni amalga oshirmasligi va dam olishlariga ham yo‘l qo‘ymaslik uchun amalga oshirilgan, – deydi Zomin davlat qo‘riqxonasi Baxmal bo‘limi boshlig‘i Musabek Ulug‘ov. – Bu yerda faoliyat yuritayotgan har bir xodimning asosiy vazifasi: qo‘riqxonadagi mavjud holatni, o‘simlik va jonzodlar dunyosini borligicha, shundayligicha saqlashdan, qo‘riqlashdan, nazorat qilib borishdan, qish paytlarida turli hayvon va parrandalar ozuqa topa olmay qolganlarida ularni ozuqlanish nuqtalariga yem-yemish yetkazib, biotexnik tadbirlarni amalga oshirishdan, har bir jonzotlarning sanog‘ini yuritishdan va umuman tabiatni borligicha asrab-avaylashdan iborat.
Bundan tashqari, qo‘riqxona ishchi-xizmatchilarining o‘zlari ham hududidan shu joyda yashovchi parrandayu darrandalar, yovvoyi hayvonlar uchun qishga xashak, yem-yemish jamg‘arish ishlarini qo‘riqxona tashqarisida, o‘rmon xo‘jaligi yoki fermer jo‘jaliklari yerlarida amalga oshirishlari ta’kidlandi.
– Qo‘riqxona hududida faqatgina ilmiy ishlarni olib borishga ruxsat etiladi, – deydi Zomin davlat qo‘riqxonasi ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Quvonchbek Tratov. – Bu yerda boshqa, aytaylik, yilning har qanday faslida ham qushlar, sudralib yuruvchi, sut emizuvchi, yovvoyi hayvonlarni va umuman qo‘riqxonada yashayotgan har qanday jonzotlarni ov qilish, turli-tuman giyoh va o‘simliklarni yig‘ish-terish, daraxt, ayniqsa, archalarni kesish, hatto, turli ko‘chat va ekinlarni ekish ham va tadbirkorlik faoliyatini olib borish ham mutlaqo taqiqlanadi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Jizzax davlat pedagogika universiteti, Samarqand ilmiy-tekshirish instituti bilan shartnomalar imzolangan. Unga ko‘ra, professor-o‘qituvchi, olim, desertant va magistrantlar yo‘qlaydigan ilmiy ishi va mavzulari bo‘yicha o‘simliklar vegitatsiyasi, hayvonlarning ko‘payish, ozuqalanish davrlari ustida o‘rganish, ilmiy ish olib borishlariga ruxsat berilgan.
– Qo‘riqxonamizda jami 1 ming 216 turdagi dorivor va manzarali o‘simliklar, jumladan, 3 xil – Turkiston, Zarafshon va yassisimon archa turi o‘sadi, – deydi Zomin davlat qo‘riqxonasi ekologik ta’lim, jamoatchilik bilan aloqa va ekoturizm bo‘yicha mutaxassis Oqilbek Suyarov. – Shuningdek, nozirlarimiz tomonidan 149 turdagi turli jonzotlar sinflarga ajratilgan holda, nazort qilish va hududlarga qo‘yilgan foto qapqonlar orqali o‘sish va hayot tarzini klasterlab, ya’ni monitoring qilib boriladi.
Nazoratchilarimiz tomonidan 1 yilda 2 marta: kuzgi va bahorgi sanoq olib boriladi. Qo‘riqxonada baliqning 1 turi, amfibiyalarning 2 turi, sudralib yuruvchilarning 14 turi, qushlarning 102 turi, sut emizuvchilarning 30 turi mavjud. Xalqaro va O‘zbekiston “Qizil kitob” lariga kiritilgan qor qoploni, Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i, Turkiston silovsini, Seversov qo‘yi, bo‘ri, tulki, yovoyi to‘ng‘iz, qora grif, qora laylak, soqolli kalxat, burgut, pakana burgut, oqboshli kalxat, tasqara, lochin va qizilboshli lochin kabi hayvon va qushlar, bulardan tashqari, to‘ng‘iz, jayra, quyon kabi hayvonlar hamda qarg‘a, olashaqshaq va boshqa ko‘plab chumchuqsimon qushlar bor.
Bu yerga sayyohlarni olib kelish mumkin. Ammo ular Zomin va Baxmal o‘rmon xo‘jaliklari hududida qo‘riqxonamizning chegarasida tashkil etilgan “Bufer zona”laridagi maxsus joylardan turib, durbin va teleskoplardan tabiat va bu yerda yashovchi hayvonlarni kuzatishlariga ruxsat etiladi.
Ushbu tadbir davomida qo‘riqxona xodimlaridan o‘zimizni qiziqtirgan ko‘plab savollarimizga aniq javoblar oldik. Zomin davlat qo‘riqxonasining Baxmal bo‘limi yo‘nalishi bo‘ylab uyushtirilgan media-tur davomida o‘zimiz bilgan va bilmagan juda ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘ldik.
Zomin davlat qo‘riqxonasi Baxmal bo‘limidagi “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvon va qushlar, o‘simliklarni o‘zida mujassam qilgan bioxilma-xillik, toza havo, ziloldek buloq va Sangzor daryosiga borib qo‘shiladigan, baland tog‘ qorlaridan erib kelayotgan muzdek irmoq suvi, xuddi biz kabi har qanday inson kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
[gallery-11992]
Kechgacha davom etgan mazkur media-tur – bizga xush kayfiyat bag‘ishlab, katta taassurot qoldirdi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat-video), O‘zA