Zamonaviy ta’lim: yuksak ma’naviyat va jangovar shaylik uyg‘unligi
Bugungi globallashuv va murakkab geosiyosiy jarayonlar sharoitida harbiy xizmatchilarning nafaqat jangovar tayyorgarligi, balki ularning ma’naviy-ruhiy barqarorligi ham davlat xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi omillardan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug fakultetida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy davra suhbati alohida ahamiyat kasb etdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, tajribali mutaxassislar hamda harbiy pedagoglar ishtirok etib, harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini oshirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish, eng muhimi, yuksak ma’naviy-ruhiy fazilatni shakllantirish masalalari keng muhokama qilindi.
Davra suhbatida zamonaviy pedagogik yondashuvlar markaziy o‘rinni egalladi. Xususan, ta’lim tizimida psixologiyaning o‘rni va ahamiyati chuqur ilmiy asosda tahlil qilinib, harbiy xizmatchilarning ruhiy barqarorligini mustahkamlash, stressga chidamliligini oshirish, murakkab vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda psixologik tayyorgarlikning beqiyos roli alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, interfaol ta’lim metodlarining samaradorligi keng yoritildi. Ta’lim jarayoniga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, tinglovchilarni mustaqil fikrlashga undash, ularni real vaziyatlarga yaqinlashtirilgan mashg‘ulotlar orqali tayyorlash bugungi kun talabi ekani e’tirof etildi. Ayniqsa, muammoli vaziyatlarni modellashtirish, jamoaviy fikrlash va tahliliy yondashuvni rivojlantirishga qaratilgan metodlar harbiy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqayotgani qayd etildi.
Davra suhbatining eng dolzarb mavzularidan biri – sun’iy intellekt texnologiyalarini ta’lim tizimiga integratsiya qilish masalasi bo‘ldi. Mutaxassislar sun’iy intellekt asosida yaratilayotgan o‘quv platformalari, simulyatsion dasturlar va analitik tizimlar harbiy kadrlar tayyorlash samaradorligini keskin oshirayotganini ta’kidladilar. Bu esa o‘z navbatida, zamonaviy tahdidlarga moslashuvchan, intellektual salohiyati yuqori bo‘lgan harbiy mutaxassislarni yetishtirish imkonini bermoqda.
Anjuman davomida bildirilgan fikr-mulohazalar, ilgari surilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar harbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, uni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishda muhim nazariy va metodologik asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.
Mazkur davra suhbati harbiy ta’limda innovatsiyalarni keng joriy etish, ma’naviy-ruhiy barkamol va yuksak jangovar salohiyatga ega kadrlar tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.