Bir qator o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.
Sirdaryo viloyati delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Tyanszin shahrida ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim tadbirlar kuzatildi.
Tadbirlar doirasida Tyanszin Qishloq xo‘jaligi universitetida tantanali uchrashuv tashkil etildi. Unda Yangiyer shahri hokimi Otabek Nosirov, Toshkent kimyo‑texnologiya instituti Yangiyer filiali rahbariyati va ilmiy jamoasi, Guliston davlat pedagogika instituti rektori Jahongir Qarshiboyev hamda Tyanszin Qishloq xo‘jaligi universiteti rektori Jin Veyveylar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ilm-fan va ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar yo‘lga qo‘yish, mutaxassislar almashinuvini tashkil etish va innovatsion loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilishdi. Suhbatlar konstruktiv ruhda kechdi va qator o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi.

– Uchrashuvning mantiqiy davomi sifatida Toshkent kimyo‑texnologiya instituti Yangiyer filiali huzuridagi ilmiy-tadqiqot markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Yangi markaz qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi, xomashyoni qayta ishlash, oziq-ovqat texnologiyalari va baliqchilik sohalarida ilg‘or ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash vazifalarini bajaradi, – deya ma’lum qildi TKTI Yangiyer filialining xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Rustam Mahmudov.


Yangi tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazi hududlararo ilmiy integratsiyani mustahkamlash, amaliy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va innovatsiyalarni joriy etishda muhim platforma vazifalarini bajaradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri