Yurtboshimiz ishonchiga munosib bo‘laman
Andijon viloyati aholisining qariyb 55 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi.
Butun mamlakatda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishlari uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan.
Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbari sifatida ayta olamanki boshqarmamiz tomonidan viloyat hokimligi, davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida joriy yilning o‘tgan davrida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlash borasida juda katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish, bandligini ta’minlash, muammolarini bartaraf etishga qaratilgan e’tiborga molik ishlar bajarildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 57 ming 158 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi. Xususan, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi 11 ming 161 nafar yoshga 289 milliard 662 million so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi, 27 ming 37 nafar yoshga dehqonchilik qilish uchun 10 sotixdan, jami 2 ming 287,5 gektar yer maydoni ajratib berildi, 302 nafar yoshga issiqxona va tomorqa xo‘jaligini tashkil etish uchun 1 milliard 465 million so‘m miqdorida subsidiya berildi. 15 ming 990 nafar yosh “1+1” loyihasi doirasida salohiyatli tadbirkor va hunarmandlarga biriktirildi.
Bundan tashqari, 23 ming 704 nafar yosh tadbirkorlik va biznesga o‘qitilib, ularga sertifikatlar taqdim etildi. Ana shu yoshlardan 10 ming 146 nafariga 259,2 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi. Shuningdek, 22 nafar umumta’lim maktabi bitiruvchisiga 300 million so‘m kredit ajratildi, 8 ming 568 nafar yigit-qiz kasb-hunarga qayta o‘qitildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida viloyatdagi 882 mahallada istiqomat qiluvchi, turli muammolari bor 41 ming 90 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritildi. bugungi kunga qadar ularning 36 ming 512 nafariga yordam ko‘rsatilib, daftardan chiqarildi. Qolgan 4 ming 578 nafar yoshning muammolarini hal etib, “Yoshlar daftari”dan chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Andijonda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, bandligini ta’minlashga qaratilgan yuqoridagi kabi ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi. Bu eng avvalo, yoshlar daromadini oshirishga, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga, provardida mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Yoshlar yetakchisi sifatida olib borayotgan faoliyatim, kamtarona mehnatlarim e’tirof etilib, Yurtboshimiz farmoni bilan “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligimdan behad mamnunman. Ushbu mukofot nafaqat menga, balki barcha andijonlik faol yoshlarga berilgan mukofotdir. Mukofot zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi, meni yanada faol bo‘lishga, yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilishga undaydi. Yurtboshimizning men kabi butun O‘zbekiston yoshlari – kelajak bunyodkorlariga ko‘rsatayotgan e’tibor va g‘amxo‘rligiga, bizga bildirayotgan ishonchiga munosib bo‘lishga va’da beraman.
Oybek YULDASHEV,
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari
agentligi Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i,
“Shuhrat” medali sovrindori.
O‘zA