Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi! (+video)
Bugun poytaxt ko‘chalari, mahalla va ko‘p qavatli uylar atroflari ham respublikamizning boshqa hududlari qatori erta tongdan obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ariq va yo‘laklarni tozalashga bel bog‘lagan yurtdoshlarimiz bilan yanada gavjum bo‘ldi.
Masalan, Yashnobod tumanining “Dilbog‘” mahalla hududida yoshu qari birdek “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostidagi umumxalq xayriya hasharida faol ishtirok etdi.
Ko‘p qavatli uylarda yashovchi xonadon egalarida ko‘pincha ish qurollari bo‘lmaydi, ularga boshqaruv servis kompaniyalari yaqindan ko‘maklashdi. To‘plangan chiqindilarni olib chiqib ketishda ham ularning xizmatlari as qotdi. Xullas, ahillikda gap ko‘p. Mahalla aholisi qanchalik hamjihat bo‘lsa, ahil-inoq bo‘lsa hudud ham gullab yashnaydi va bu yerda qanday insonlar yashayotgani haqida ana shu obod maskan sizga gapirib beradi.
- Hozirgi kunda 5800 nafar aholimiz bor, - deydi “Dilbog‘” MFY raisi Saida To‘layeva. – 28 ta ko‘p qavatli uyimiz va 16 ta tomorqali aholimiz mavjud. Oilalarimiz 2223 tani tashkil qiladi. Bizni mahalla ko‘pmillatli. Ula hasharni ko‘tarinki ruhda qabul qildi. Hamma bir kun oldin “qachon ishni boshlaymiz?” deb savol berishib, tozalash va obodonlashtirish ishlarini intiqlik bilan kutishdi.
Oldinda Navro‘z hamda muqaddas Ramazon oyini kutib olish sanasi ham yaqinlashmoqda va bayramlarni munosib o‘tkazish, mahallalar, aholi turar joylarini obodonlashtirish va sanitariya holatini yaxshilash maqsad qilingan. Mahalla raisi hashar tadbirini uyushqoqlik bilan tashkil etishga bosh-qosh. “Ish ishtaha ochar” deganlaridek hasharchilar uchun doshqozonlarda milliy taomlarimiz tayyorlanishiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu tumanning “Tong” mahallasida ham ana shunday manzaraning guvohi bo‘ldik. Bu yerda 18ta ko‘p qavatli uylar atroflari erta tongdan obodonlashtirildi. Daraxtlarga shakl berilib oqlandi, ariqlar tozalanib, tartibga keltirildi. Hasharchilarni ob-havo ham qo‘llab-quvvatlab turgandek go‘yo. Muhimi barcha a’lo kayfiyatda, yeng shimarib ishga kirishganlar. To‘g‘rida, hududlari qanchalik obod bo‘lsa, go‘zallik sari yuz tutsa shu yerda yashayotgan odamlarning o‘zlariga ham yaxshida.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/jfInsjVGmD8" title="Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA