Natijalar va istiqboldagi rejalar
Nukusda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining navbatdagi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda boshqaruv a’zolari, faxriy jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda uyushmaning Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Bunda erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda yechimini kutayotgan masalalar qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, ommaviy axborot vositalari vakillarining ijodiy faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab–quvvatlash, jumladan, yubiley yoshini nishonlaydigan jurnalistlarning ijodiy kechalarini tashkil etish, moddiy va ma’naviy rag‘bat va ko‘makka ehtiyoji bor soha vakillarining ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ularga yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovida, mamlakatimiz mustaqilligi bayrami arafasida o‘tkazib kelinayotgan “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovi va boshqa tadbirlarda qoraqalpog‘istonlik ijod ahli ham faol ishtirok etmoqda.
Tadbirda ko‘p yillik tajribaga ega faxriy jurnalistlar so‘zga chiqib, uyushma faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, jurnalistlarning erkin ijod qilishlari uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, soha vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘zlarining fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
Kun tartibida shuningdek, nazorat – taftish komissiyasining hisoboti, bo‘lim boshqaruvi tarkibini hamda nazorat – taftish komissiyasi raisini, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi konferensiyasiga delegatlar saylash to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
– Ushbu yig‘ilish shunchaki hisobot tadbiri emas, balki soha fidoyilarining diydorlashuvi va kelgusidagi ustuvor vazifalarning muhokamasi maydoniga aylandi. Ayniqsa, tahririyatlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriy ijodkorlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda eng muhimi, safimizga endigina kirib kelayotgan intiluvchan yoshlarni rag‘batlantirish borasidagi rejalar har bir ijodkorning qalbida ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi, – deydi Amudaryo tumani “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi G‘ulomjon Yeshniyozov.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhratjon Oripov ishtirok etib, amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi muhim vazifalarga to‘xtaldi. Jumladan, mamlakatimizda bugungi kunda Prezidentimiz boshchiligida so‘z erkinligini ta’minlash, jurnalistlarni ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini alohida e’tirof etdi.
[gallery-28561]
Tadbirda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.