Yozyovonda chigit rangli plyonka ostiga ekilmoqda
Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini joylarda o‘rganish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Yozyovon tumaniga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida vazir, avvalo, "Yuqori" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan dehqon xo‘jaliklari yer maydonlarida bo‘ldi. Bu yerda yetishtirilayotgan poliz mahsulotlari — tarvuz va qovoq ekinlarining holati bilan yaqindan tanishdi. Ekinlarni parvarishlashda qo‘llanilayotgan agrotexnik tadbirlar, suvdan tejamkor foydalanish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan zamonaviy usullar xususida mas’ullar, dehqonlar bilan muloqot qildi.

Shuningdek, vazir tashrif davomida “Umid” fermer xo‘jaligida bo‘lib, chigit ekish ishlari, zamonaviy yondashuvlar hamda g‘o‘zapoyadan tayyorlangan “Biochar” mahsulotini tayyorlash va undan foydalanish jarayoni bilan tanishdi. Mutasaddilarga biochardan samarali foydalanish orqali unumdorlikni oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.

Alohida ta’kidlangan jihatlardan biri — chigit ekish jarayonida qizil va ko‘k rangli plyonkalardan foydalanish amaliyoti bo‘ldi. Bu borada Yozyovon tumani respublika miqyosida ilg‘or hududlardan biri sifatida e’tirof etildi. Mazkur usulning afzalliklari — tola uzunligi 5 mm gacha ortadi, ko‘saklar soni ko‘payadi, o‘simlik o‘sishini tezlashtirish, hosildorlikni oshishiga hamda erta pishishiga xizmat qiladi.

Tashrif yakunida sohani yanada rivojlantirish, fermer va dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi. Yozyovon tumanida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa innovatsion yondashuvlar boshqa hududlar uchun ham namuna bo‘lishi ta’kidlandi.
Azimjon Xudoyqulov,
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani hokimligi axborot xizmatining rahbari. O‘zA