Audiovizual jurnalistikani rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar
Mamlakatimizda jurnalistika sohasini yanada rivojlantirish va kadrlar mahoratini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida o‘tkazilgan “Audiovizual jurnalistika muammolari, rivojlanish strategiyalari va standartlarini moslashtirish masalalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bugungi media makonida yuz berayotgan tub o‘zgarishlarni chuqur o‘rganish va ularni tahlil qilishga qaratilgan.
Raqamli texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgan vaqtda jurnalistika sohasi, ayniqsa audiovizual jurnalistika o‘ziga xos yangicha yondashuv talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, bugungi anjuman nafaqat keng ilmiy maydon, balki taklif va yechimlar beriluvchi muhim intellektual davra vazifasini o‘tadi.
Konferensiyada muhokama qilingan masalalar zamonaviy media tizimidagi eng dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oldi. Xususan, audiovizual jurnalistikada raqamli transformatsiya jarayonlari, kontent yaratishda innovatsion yondashuvlar, multimedia platformalar bilan ishlash ko‘nikmalari hamda jurnalistlarning kasbiy salohiyani rivojlantirish masalalari atroflicha tahlil qilindi.
[gallery-28480]
Bu jarayonlarda sun’iy intellekt, mobil jurnalistika va ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot tarqatishning o‘rni alohida ta’kidlandi.
Anjumanda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Pokiston kabi davlatlardan taklif etilgan mutaxassislar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, turli mamlakatlarda audiovizual jurnalistika qanday rivojlanayotgani, qanday muammolar mavjudligi va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida fikr bildirdi. Bu esa o‘zbek jurnalistika maktabining xalqaro tajriba bilan boyishiga xizmat qiladi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman audiovizual jurnalistika sohasining bugungi holati va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlab berishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Unda ilgari surilgan g‘oya va takliflar ilmiy muhokama darajasida qolib ketmasdan, amaliyotga joriy etilishi orqali milliy media tizimining sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratadi.
Eng muhim jihat, bu kabi anjumanlar jurnalistikada milliy standartlarni xalqaro mezonlarga moslashtirish hamda yosh kadrlarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar ulashishda muhim o‘rin tutadi.
Dildora DO‘SMATOVA, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA