Yozgi ta’til kim uchundir - sayohat, kim uchundir - kitob bilan o‘tayotgan fursat
Yozgi ta’tilni har kim har xil o‘tkazadi. Kimdir oilasi bilan sayohatga chiqadi, kimdir qo‘shimcha darslarga qatnaydi, yana kimdir esa uzoq vaqtdan beri o‘qimoqchi bo‘lgan kitoblarini qo‘liga oladi. Aslida kitob o‘qish uchun alohida fasl yoki sana kerak emas. Lekin ta’til insonga shoshilmasdan mutolaa qilish imkoniyatini beradi.
Bugun kitob do‘konlarida ham, kutubxonalarda ham tanlov juda ko‘p. O‘zbek adiblarining asarlari bilan bir qatorda, jahon adabiyotining sara namunalari ham o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Agar Abdulla Qodiriy, Oybek, Said Ahmad yoki O‘tkir Hoshimov asarlarida o‘zbekona qadriyatlar, oila, mehr va insoniy munosabatlar aks etsa, jahon adabiyoti vakillari ham inson qalbi, ezgulik va hayot haqida o‘ylashga undaydi. Asarlar turlicha bo‘lishi mumkin, ammo ularning maqsadi bitta — insonni fikrlashga, yaxshiroq yashashga chorlash.
Kitob mutolaasi haqida farg‘onalik Nilufar Boltaboyeva ham o‘z fikrini bildirdi:
— Rostini aytsam, oldinlari kitob o‘qishga uncha vaqt ajratmasdim. Keyin tushundimki, inson telefonda bir soat o‘tirganini sezmay qoladi, ammo shu vaqtda kitobning bir necha bobini ham o‘qib chiqishi mumkin ekan.
Oxirgi o‘qigan kitobim menga hayotga boshqacha nigoh bilan qarashni o‘rgatdi. Har bir kitob insonga nimadir beradi. Ba’zisi sabrni, ba’zisi mehrni, yana biri esa o‘z xatolaringdan to‘g‘ri xulosa chiqarishni o‘rgatadi.
Menga ko‘proq qog‘oz kitob yoqadi. Kitobni qo‘lga olib, varaqlab o‘qishning zavqi boshqacha. Elektron kitob ham qulay, lekin qog‘oz kitob bilan mutolaa qilganda insonning diqqati kamroq chalg‘iydi.
Kitobni hayotining bir qismiga aylantirganlardan yana biri Toshkent viloyatidagi 20-maktab o‘qituvchisi Malika Kenjayeva. U fikrlarini quyidagicha ifodaladi:
— Ta’tilni men faqat dam olish deb bilmayman. Bu davr o‘z ustida ishlash, yangi kitoblar o‘qish va kelasi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish uchun ham yaxshi imkoniyat.
Hozir Abdulla Qodiriyning asarlarini yana bir bor mutolaa qilyapman. Har safar o‘qiganimda avval sezmagan fikrlarimni topaman. Bu esa haqiqiy adabiyotning kuchi, deb o‘ylayman.

Menimcha, har bir inson avval o‘zbek adabiyotini yaxshi bilishi kerak. Chunki u yerda xalqimizning tarixi, urf-odati, hayot tarzi va ruhiyati mujassam. Keyin esa jahon adabiyotiga murojaat qilsa, turli millatlarning hayoti, fikrlashi va madaniyatini ham yaxshiroq anglaydi.
O‘quvchilarimga ham kitobni imtihon uchun emas, hayot uchun o‘qing, degan gapni ko‘p bora aytaman. Ba’zan birgina yaxshi kitob insonga yillab esdan chiqmaydigan saboq beradi. Telefonda ko‘rilgan yuzlab qisqa videolar unutilishi mumkin, ammo mazmunli kitob insonning fikrida ham, qalbida ham uzoq saqlanadi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA