1-avgustdan davlat tashkilotlarida arxiv ishiga oid barcha hujjatlar faqat elektron shaklda yuritiladi
"O‘zarxiv" agentligida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi "Davlat organlari va tashkilotlarining arxiv hujjatlarini elektron shaklda saqlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori mazmun-mohiyati va yagona milliy arxiv axborot tizimiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev quyidagilarni ma’lum qildi:
– Ushbu qaror mamlakatimizda arxiv ishini tashkil etish tizimini tubdan modernizatsiya qilish, davlat boshqaruvida arxiv hujjatlarini to‘liq raqamlashtirish va yagona elektron platformaga o‘tkazishni nazarda tutgan muhim huquqiy hujjat hisoblanadi.
Bu tizimning asosiy vazifasi davlat organlari va tashkilotlarida shakllantiriladigan barcha arxiv hujjatlarini markazlashgan holda elektron shaklda jamlash, saqlash, hisobga olish va ulardan foydalanishni yagona standart asosida tashkil etishdan iborat. Shu orqali elektron shakldagi hujjatlarning tarqoq holda saqlanishi amaliyotidan voz kechilib, barcha arxiv ma’lumotlari yagona raqamli infratuzilmaga birlashtiriladi.
Qarorda belgilangan eng muhim yangiliklardan biri shuki, 2026-yil 1-avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida arxiv ishiga oid barcha hujjatlar va ma’lumotlar faqat elektron shaklda ushbu yagona tizim orqali yuritiladi.
Bu talab davlat sirlarini tashkil etuvchi ma’lumotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi, ya’ni bunday ma’lumotlar alohida qonunchilik asosida saqlanadi.
Yangi tizim nafaqat arxiv hujjatlarini saqlashni, balki davlat organlari o‘rtasida axborot almashinuvini ham to‘liq avtomatlashtirishni ko‘zda tutadi. Shu maqsadda Yagona milliy arxiv axborot tizimi “Elektron hukumat” infratuzilmasi, “edo.ijro.uz” elektron hujjat aylanish tizimi, Yagona identifikatsiya tizimi (OneID), shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining boshqa axborot bazalari bilan integratsiya qilinadi. Bu esa davlat boshqaruvida ma’lumotlarni tezkor almashish, hujjatlarni qayta kiritish jarayonlarini qisqartirish va inson omilini kamaytirish imkonini beradi.
Qarorga muvofiq, tizimning mulkdori sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi belgilangan bo‘lsa, tizimni joriy etish, texnik xizmat ko‘rsatish, uzluksiz ishlashini ta’minlash va axborot xavfsizligini ta’minlash vazifalari Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi zimmasiga yuklatilgan. Ushbu markaz operator sifatida tizimning texnik barqarorligi va xavfsizligini ta’minlash, foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish, ularga texnik ko‘mak ko‘rsatish hamda tizimni doimiy takomillashtirish bilan shug‘ullanadi.
Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari uchun ham aniq majburiyatlar belgilangan. Ular arxiv hujjatlarini elektron tizimda shakllantirishi, hujjatlar yig‘majildlari nomenklaturasini belgilangan tartibda ishlab chiqishi va har yili yangilab borishi, shuningdek, belgilangan muddatlarda hujjatlarni davlat arxiviga topshirib borishi shart etib belgilangan. Shuningdek, barcha tashkilotlar 2026-yil 1-noyabrga qadar operator bilan shartnoma tuzib, tizimga ulanishi kerak bo‘ladi.
Qarorga ilova sifatida tasdiqlangan Nizom esa Yagona milliy arxiv axborot tizimida ishlashning amaliy tartibini belgilaydi. Unga ko‘ra, foydalanuvchilar tizimda OneID orqali ro‘yxatdan o‘tadi va elektron raqamli imzo yordamida hujjatlarni shakllantiradi. Hujjatlar avvaliga tashkilotlarda ichki tartibda tayyorlanib, ekspert komissiyalarida ko‘rib chiqiladi, keyin esa tizim orqali kelishish va tasdiqlash jarayonlaridan o‘tadi. Shundan so‘ng ular elektron shaklda arxivga topshiriladi va belgilangan muddatlarda saqlovga qabul qilinadi.
Nizomda shuningdek, mas’ul ijrochi, operator va foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari ham aniq belgilab berilgan. Mas’ul ijrochi tizimning metodik va tashkiliy jihatdan to‘g‘ri yuritilishini ta’minlaydi, operator texnik infratuzilma, xavfsizlik va uzluksiz ishlash uchun javob beradi, foydalanuvchilar esa hujjatlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida kiritish hamda belgilangan qoidalarga rioya qilish majburiyatini oladi.
Umuman olganda, ushbu qaror mamlakatimizda arxiv ishini yuritish amaliyotida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab beradi. Eng muhimi, davlat organlarida hujjatlar aylanmasi to‘liq raqamlashtiriladi, qog‘oz shaklidagi ortiqcha byurokratik jarayonlar qisqaradi, ma’lumotlar yagona markazlashgan tizimda saqlanadi va idoralararo integratsiya sezilarli darajada kuchayadi.
Bu esa davlat boshqaruvida samaradorlikni oshiradi, hujjatlar saqlanishida shaffoflikni ta’minlaydi, axborot resurslaridan foydalanishni yengillashtiradi, idoralararo integratsiyani kuchaytiradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA