Yoshlar parlamentarizmi: yangi g‘oyalar va xalqaro hamkorlik maydoni
Joriy yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlamentchilar XII global konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. “Bugungi tahlikali davrda inson huquqlari, adolat va qadr-qimmatni qayta qaror toptirish” mavzusida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli anjuman dunyoning turli mamlakatlaridan 40 yoshgacha bo‘lgan parlament a’zolarini bir maydonga jamlaydi.
Parlamentlararo ittifoq konferensiya dasturiga ko‘ra, ishtirokchilar inson huquqlarini himoya qilish, yoshlarning siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtiroki, tinchlik, inklyuziv boshqaruv va parlament diplomatiyasining zamonaviy vazifalarini muhokama qiladi.
Ta’kidlash joizki, Samarqandning mazkur nufuzli anjumanga mezbonlik qilishi tasodifiy tanlov emas. So‘nggi yillarda O‘zbekiston parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish, yoshlarni davlat boshqaruviga jalb etish va parlament diplomatiyasini tashqi siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylantirish borasida izchil qadamlar tashlamoqda. Shu bois, Parlamentlararo ittifoqning ushbu yig‘inini mamlakatimizda o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror xalqaro parlament hamjamiyatining Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bo‘lgan ishonchi va e’tirofining amaliy ifodasi sifatida baholanmoqda.
Parlamentlararo ittifoq bugungi kunda jahondagi eng yirik parlament tashkiloti hisoblanadi. U 1889-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 183 ta milliy parlamentni birlashtiradi. Dunyodagi 188 milliy parlament tarkibida qariyb 44 ming nafar deputat faoliyat yuritadi. Tashkilot so‘nggi yillarda yoshlar va ayollarning parlamentlardagi vakilligini oshirishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.
Ittifoq ma’lumotiga ko‘ra, bugun dunyo aholisining yarmidan ko‘pi 30 yoshdan kichik bo‘lsa-da, milliy parlamentlarda ularning ulushi 3 foizga ham yetmaydi. Ana shu nomutanosiblikni bartaraf etish maqsadida tashkilot yosh parlamentchilar global konferensiyalarini muntazam o‘tkazib kelmoqda. Bu forumlar yosh siyosatchilar uchun tajriba almashish, qonun ijodkorligi sohasidagi ilg‘or amaliyotlarni muhokama qilish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish maydoni vazifasini bajaradi.
Diyorimizda ham bu borada institutsional asoslar izchil shakllantirilmoqda. Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlamentining faoliyati, yoshlarning qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishdagi ishtiroki va parlament diplomatiyasiga jalb etilishi mamlakatda yoshlar siyosati yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Samarqand konferensiyasiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ham anjumanni yuqori saviyada tashkil etish bilan bir qatorda, uning amaliy natijalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, forum O‘zbekistonning xalqaro parlament maydonlaridagi nufuzini yanada oshirish, yosh deputatlar o‘rtasida barqaror muloqot tarmog‘ini shakllantirish va qonunchilik sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
E’tiborli jihati shundaki, Samarqand konferensiyasi doirasida nafaqat yalpi majlislar, balki interaktiv muhokamalar, tematik sessiyalar va yosh parlamentchilarning tashabbuslarini muhokama qilishga bag‘ishlangan maxsus formatlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Milliy parlamentlarga 40 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafargacha deputatdan iborat, gender muvozanati saqlangan delegatsiyalar bilan ishtirok etish tavsiya qilingani ham mazkur maydonning inklyuziv xususiyatini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda parlament diplomatiyasi an’anaviy davlatlararo muloqot doirasidan chiqib, «yumshoq kuch»ning muhim vositalaridan biriga aylanib bormoqda. Bu jarayonda yosh parlamentchilarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bugun shakllanayotgan muloqot va hamkorlik tarmoqlari ertangi siyosiy yetakchilar o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarning poydevorini yaratadi.
Shu ma’noda, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan XII global konferensiya faqat navbatdagi xalqaro tadbir emas, u o‘lkamizning yoshlarga oid davlat siyosati, parlament islohotlari va xalqaro parlament diplomatiyasidagi faolligini namoyon etadigan muhim siyosiy platforma hisoblanadi. Eng muhimi, mazkur tadbir mamlakatning global parlament muloqotidagi ishtirokini kuchaytirish, yoshlar parlamentarizmi sohasida ilg‘or tajriba almashish va kelgusidagi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Dilshod Hakimov, O‘zA