Buxoro viloyatida iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlari saqlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida barqaror o‘sish sur’atlari ta’minlandi. Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni faol jalb etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga qaratilgan islohotlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda.
Hisobot davrida yalpi hududiy mahsulot hajmi 44,7 trillion so‘mni tashkil etib, iqtisodiy o‘sish sur’ati 108,8 foizga yetdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 26,3 trillion so‘m, xizmatlar hajmi 25,5 trillion so‘m, qurilish ishlari esa 10,9 trillion so‘mga yetdi.
Viloyatda iqtisodiy faollikni oshirishga qaratilgan 46 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Ularni muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi bilan ta’minlash uchun davlat tomonidan 97,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada 17 ta tunu-kun faoliyat ko‘rsatuvchi xizmat ko‘rsatish ko‘chasi, 11 ta sohil bo‘yi dam olish hududi, 4 ta zamonaviy yo‘l bo‘yi servis majmuasi va bir qator yangi turizm ob’ektlari barpo etildi.
Amalga oshirilgan loyihalar doirasida 727 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etildi, 6 mingdan ortiq aholi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlandi.
[gallery-30745]
Birinchi yarim yillikda iqtisodiyotga 1 milliard 937 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlar jalb qilinib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,6 barobarga oshdi. Shuningdek, 175 ta yangi investitsiya loyihasi ishga tushirildi.
Xitoy Xalq Respublikasi bilan umumiy qiymati 2,3 milliard AQSH dollariga teng investitsiya kelishuvlarining imzolanishi viloyatda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yanada jadallashtirish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yil yakuniga qadar eksport hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish, istiqbolli investitsiya loyihalarini to‘liq quvvatda ishga tushirish va xizmatlar sohasini yanada rivojlantirish ustuvor vazifalar etib belgilangan. Bu ishlar viloyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish hamda aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA