Yoshlar jamiyatning muhim boʻgʻini
Har qanday davlat va jamiyat taraqqiyoti yurtning yetakchi kuchi – yoshlar tarbiyasi, ularning vatanparvarligi, zamonaviy kasblarni egallash darajasi bilan chambarchas bogʻliq.
Har qanday davlat va jamiyat taraqqiyoti yurtning yetakchi kuchi – yoshlar tarbiyasi, ularning vatanparvarligi, zamonaviy kasblarni egallash darajasi bilan chambarchas bogʻliq.
Yoshlar jamiyat uchun “yangi qon” vazifasini oʻtaydi. Bu jarayonda ularning yangi tashabbus va gʻoyalari, bilim va intilishlari alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda yurtimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yuksak maʼnaviyatli, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning kelajagi uchun javobgarlik va masʼuliyatni oʻz zimmasiga ola biladigan, intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalashga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Bugun davlatimiz rahbarining biz yoshlarga yoʻllagan tabrigini tinglab, nihoyatda ruhlanib ketdik. Chunki Yurtboshimizning tabrigidagi har bir daʼvati va soʻzlari qalbimizni toʻlqinlantirib yubordi.
Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham yoshlarga doimiy ravishda eʼtibor berilib, zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Ayni paytda ushbu gigant korxonada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi yoshlar yetakchilari Kengashi raisi va yettita yirik boʻlinmalarda boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari lavozimlari joriy etilgan, 118 ta boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda.
Kombinat tizimida 15 ming nafardan ziyod yoshlar mehnat qilayotgan boʻlsa, ularning uch mingga yaqinini xotin-qizlar tashkil etadi. Kombinatda ishchilar va muhandis-texniklarning oʻrtacha yoshi oʻttiz yettida, rahbar xodim va mutaxassislarning oʻttiz foizi oʻttiz yoshgacha boʻlgan yigit-qizlardir. Bu raqamlar, shak-shubhasiz, korxonada yoshlar yetakchi, shuning bilan birga, hal qiluvchi kuch ekanligini tasdiqlaydi.
Yurtboshimizning oʻtgan yil 27-dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvida taʼkidlagan: “Yangi Oʻzbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili boʻladi” degan daʼvatlaridan kelib chiqib, kombinatda 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, uni amalga oshirishga 3 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi.
Mazkur dastur yoʻnalishlarining asosiy maqsadi – yoshlarning taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyatini yuksaltirish, yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, yosh oilalar mustahkamligini taʼminlash, iqtidorli yoshlarni kashf etish, rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, ularning innovatsion ishlanmalari va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, imkoniyati cheklangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni maʼnaviy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, volontyorlik aksiyalarini tashkil etish hamda 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirishdan iboratdir.
Joriy yilni kombinat yoshlari juda katta tashabbuslarni amalga oshirishdan boshladi. Jumladan, fevral oyida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining 100 nafar yosh ishchi-xodimidan iborat koʻngillilar jamoasi “Orol taqdiri – kelajak avlod taqdiri” shiori ostida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanidan 100 kilometr uzoqlikda, Orol dengizining qurigan tubida 87 ming tupdan ortiq saksovul koʻchatlarini oʻtqazib, fidoiylik namunalarini koʻrsatdi.
Bundan tashqari, kombinat yoshlari joriy yilda Navoiy shahri, Tomdi tumani va Zafarobod qoʻrgʻonida 30 gektarlik “NKMK yoshlar bogʻlari”ni yaratdi. Ular shijoati bilan qadagan nihollar bugun koʻkka qarab boʻy choʻzayotir. Kunlar kelib bu bogʻzorlar nafaqat hududlarga koʻrk bagʻishlaydi, balki totli mevalari bilan dasturxonlarni moʻl-koʻl etadi. Yana bir tashabbus. Kombinat yoshlari ushbu bogʻzorlar oraliq qatorlarini boʻsh qoldirmay, sabzavot, poliz, dukkakli ekinlar ekishdi. Ayni paytda yerdan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ushbu saʼy-harakatlar qoʻshimcha mahsulot olish imkonini beradi.
Mamlakatimizda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi davrida ham korxona yoshlari tingani yoʻq. Tashabbusni qoʻlga olib, koʻngillilar sifatida targʻibot-tashviqot ishlarida faol ishtirok etmoqda. Murakkab pallada mehnat jamoasini xayr-saxovatga daʼvat etib, murojaatlar bilan chiqmoqda.

“Yoshlar oyligi”gi doirasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ham tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasi asosida qator madaniy-maʼrifiy tadbir va aksiyalar amalga oshirildi. Jumladan, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Har haftada bir kitob” va “5 tashabbus uyimizda” onlayn tanlovlari, “Nazm va navo kechasi”, davlat mukofoti sohiblari, yosh rahbar kadrlar va yoshlar uchrashuvlari videokonferensiya tarzida tashkil etildi.
Xayrli ishlarni davom ettirish maqsadida koʻngilli yoshlar karantin qoidalariga rioya etgan holda “Qosim Shayx” majmuasi, “Bedar ota”, “Qanarbay ota”, “Qoʻchqor ota” kabi ziyoratgohlarda tozalash va obodonlashtirish ishlariga oʻz hissalarini qoʻshdi. Shuningdek, qon topshirish aksiyasida faol ishtirok etdi.
Yoshlar kuni munosabati bilan kombinat yoshlari nomidan mamlakatimiz yoshlarini chin qalbdan tabriklaymiz.
Sanjar RAJABOV,
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi
NKMK yoshlar yetakchilari Kengashi raisi