Izboskan tumanidagi sayyor qabulda 140 ta murojaat ijobiy hal etildi
Sektor rahbarlari turli muammolardan aziyat chekayotgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan va boshqa masalalar boʻyicha murojaat qilgan 158 nafar fuqaro bilan bevosita suhbatlashdi.
Andijon viloyati Izboskan tumani hokimi, sektor rahbarlari fuqarolar bilan sayyor qabul oʻtkazdi.
Izboskan tumanida 58 ming 400 ga yaqin oila tarkibida 236 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Ayni kunda tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, mahallalarning “temir daftar”ga qayd etilgan oilalar, shuningdek, “ayollar” va “yoshlar” daftarlariga kiritilgan fuqarolarning muammolarini aniqlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, bandligini taʼminlash orqali daromad manbaini shakllantirish, turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Sektor rahbarlari turli muammolardan aziyat chekayotgan, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida boʻlgan va boshqa masalalar boʻyicha murojaat qilgan 158 nafar fuqaro bilan bevosita suhbatlashdi. Murojaatlarning 140 tasi shu joyning oʻzida ijobiy hal etildi, 18 ta murojaat mutasaddi tashkilotlarga oʻrganish uchun yuborildi.
Jumladan, murojaat qiluvchilarning 32 nafariga mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismi mablagʻlari hisobidan qurilish materiallari, 50 nafariga viloyatdagi tibbiyot muassasalarida davolanishlari uchun yoʻllanma, 43 nafariga 1 tonnadan koʻmir berildi. Bundan tashqari, murojaatlarga asosan, 5 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 3 nafar fuqaroga kir yuvish mashinasi, televizor hamda eshitish moslamalari topshirildi.

– Pandemiya sabab oilamiz moddiy jihatdan biroz qiynalib qolgan edi, – deydi Markaz mahallasida yashovchi Barchinoy Toʻxtanazarova. – Qish yaqinlashyapti, koʻmir olishga hech imkon qilolmayapmiz. Shu bois, sayyor qabulda koʻmir olishim uchun yordam berilishini soʻrab, murojaat qildim. Kutmagandim, murojaatim shu kunning oʻzidayoq hal boʻldi. Oilamizga bir tonna koʻmir berildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan odamlarning muammo va tashvishlarini hal etish, ogʻirini yengil qilish yoʻlida olib borilayotgan bu kabi ishlar, fuqarolarga koʻrsatilayotgan eʼtibor yurtdoshlarimizning turmush farovonligini oshirishga, davlatga, ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlamoqda.