Yoshlar bojxona faoliyati bilan tanishishdi
Yoshlarni bojxona tizimi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning kasbiy qiziqishlarini oshirish va kelajakda to‘g‘ri kasb tanlashlariga ko‘maklashish maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filiali o‘quvchilari uchun «Sirdaryo» chegara bojxona postida «Ochiq eshiklar kuni» tashkil etildi.
Maktabda o‘tkazilgan uchrashuvda bildirilgan takliflar asosida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir o‘quvchilarga bojxona tizimi faoliyati, zamonaviy nazorat texnologiyalari va sohadagi kasbiy imkoniyatlar bilan bevosita tanishish imkonini berdi.

Tashrif davomida yoshlarga chegara bojxona postidagi xizmat jarayonlari, bojxona nazoratini amalga oshirish tartibi, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar hamda nazoratda qo‘llaniladigan zamonaviy texnik vositalar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, raqamlashtirilgan bojxona tizimlarining imkoniyatlari va ularning xizmatlar samaradorligini oshirishdagi ahamiyati tushuntirildi.

Ayniqsa, zamonaviy «Z-Portal» inspeksion-ko‘rik majmuasining ishlash jarayoni o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu qurilma tashqi savdo yuklari ortilgan avtotransport vositalarini tezkor tekshirish, bojxona nazorati samaradorligini oshirish va postning o‘tkazuvchanlik imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

— «Sirdaryo» chegara bojxona posti orqali yuk avtotransport vositalari jadal harakatlanadi. 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida post orqali 105 mingdan ortiq yuk avtotransport vositasi o‘tgan. Bu kuniga o‘rtacha 380–420 ta transport vositasini tashkil etadi.
Ayn paytda bojxona postida AQSH dan keltirilgan zamonaviy «Z-Portal» rentgen qurilmasining o‘rnatilishi nazorat imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Natijada mamlakatimizga kirib kelayotgan barcha avtotransport vositalarini mazkur qurilma yordamida tekshirish yo‘lga qo‘yilib, kirish yo‘nalishidagi nazorat qamrovi to‘liq ta’minlandi, — deydi «Sirdaryo» chegara bojxona posti boshlig‘i o‘rinbosari, mayor Sohibjon Soliyev.

Ma’lumotlarga ko‘ra, post orqali harakatlangan avtotransport vositalarini rentgen qurilmalari yordamida tekshirish jarayonida 86 ta holatda jami 7 milliard so‘mlik noqonuniy tovar-moddiy boyliklar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan. Bu esa zamonaviy texnologiyalar qonunbuzarliklarni aniqlash va bojxona nazorati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ko‘rsatadi.

Tashrif chog‘ida o‘quvchilar xizmat itlari ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlarni ham tomosha qildilar. Namoyishlar orqali xizmat itlarining bojxona nazoratidagi o‘rni, taqiqlangan va noqonuniy olib o‘tilayotgan buyumlarni aniqlashdagi imkoniyatlari ko‘rsatib berildi.

Ochiq muloqot davomida yoshlar bojxona organlarida xizmat o‘tash tartibi, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud kasbiy yo‘nalishlar va bojxona xizmatida ishlash istagidagi nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida batafsil ma’lumot oldilar. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan javob olib, bojxona xizmatiga oid kasblar haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdilar.

Zamonaviy texnologiyalar, malakali mutaxassislar va samarali nazorat tizimi uyg‘unligini bevosita kuzatish o‘quvchilar uchun nafaqat qiziqarli tajriba, balki kelajakdagi kasbiy yo‘nalishlarini belgilashda ham muhim imkoniyat bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri