Xitoy rassomlari ishtirokida mahorat darsi tashkil etildi
O‘zbekiston va Xitoy rassomlarining xalqaro mahorat darsi san’at ta’limida yangi davrni boshlab berdi. Ijodkorlar zamonaviy tendensiyalar va noyob yondashuvlar bilan tanishdilar. Bu hamkorlik kelajak san’atini qanday o‘zgartiradi?
San’at – ulkan salohiyat va tafakkur egasi bo‘lgan insonlarga beriladigan muqaddas vazifa. Bunda rassomlik alohida ahamiyat kasb etadi. Bo‘yoqlar orqali borliqni jonlantirish kishini hayratga soladi. Ammo iste’dod qanchalik yorqin bo‘lmasin, mehnat bilan sayqallanmasa, shoh asar yaratish imkonsiz. Yurtimizda ijod qilayotgan rassomlarning mahoratini oshirish hamda xalqaro tajribasini boyitish maqsadida “Badiiy ta’limning zamonaviy tendensiyalari va tajribasi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy mahorat darsi tashkil etildi.
Seminarni Xitoydan tashrif buyurgan rassomlar olib bordi. O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida tashkil etilgan mahorat darsi davomida xitoylik ijodkorlar tasviriy san’at sohasidagi kasbiy tajribalari, ijodiy izlanishlari hamda o‘zlariga xos badiiy uslub va texnikalar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, san’at asarlarini yaratish jarayonidagi ijodiy yondashuvlar, kompozitsion yechimlar va badiiy ifoda vositalarining ahamiyati xususida fikr almashildi.

Ishtirokchilar amaliy mashg‘ulotlar orqali xitoylik rassomlarning ijodiy faoliyati bilan yaqindan tanishish, turli badiiy maktablarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish hamda xalqaro san’at tajribasidan yangi bilim va taassurotlar olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Tadbir davomida O‘zbekiston va Xitoy badiiy an’analari, zamonaviy tasviriy san’atdagi ijodiy yondashuvlar hamda san’at ta’limida amaliy tajriba almashishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday xalqaro mahorat darslari rassomlar va pedagoglar o‘rtasida ijodiy muloqotni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish hamda badiiy ta’lim jarayonini yangi g‘oyalar va yondashuvlar bilan boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, mazkur mahorat darsi ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va akademik hamkorlikni yanada rivojlantirish, san’at orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlash hamda xalqaro ijodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA