Yosh tennischimiz Qirg‘izistonda bosh sovrinni ko‘zlamoqda
Qirg‘izistondagi xalqaro tennis turnirida Alan Zinatulin O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilmoqda. Uning g‘alabali yurishi davom etadi.
Qirg‘izistonda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘smirlar o‘rtasida J60 tasnifiga kiruvchi “Cholpon-Ata” xalqaro turniri o‘tkazilmoqda. Mazkur musobaqada mamlakatimiz sharafini Alan Zinatulin munosib himoya qilmoqda.
Alan musobaqaning yakkalik bahslari birinchi davrasida neytral tennischi Yaroslav Beganskiy bilan raqobatlashib, 6:3, 6:3 hisobida zafar quchdi. Endi u chorak final yo‘llanmasi uchun qozog‘istonlik Daniyel Vilsimga qarshi kortga chiqadi.
Shuningdek, Alan Zinatulin turnirning juftlik bellashuvlarida qozog‘istonlik sherigi Arafat Mustafa bilan tandemda neytral maqomdagi Georgiy Pronin va Ivan Sknarinni 6:2, 7:5 hisobida yengdi va chorak finalda isroillik Artem Golikov va belaruslik Ivan Pritula duetini sinovdan o‘tkazadigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA