Yosh tennischilarimiz xalqaro turnir bosh sovrini uchun o‘ynaydi
Farg‘ona shahrida o‘smirlar o‘rtasida tennis bo‘yicha J100 toifasiga kiruvchi xalqaro turnirda tennischilarimizning muvaffaqiyatli ishtiroki davom etmoqda.
Dunyoning o‘nga yaqin mamlakatidan tashrif buyurgan yosh tennischilar ishtirokidagi musobaqaning o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi juftlik bahslarida hamyurtimiz Danila Kvasov va Mahmudbek Beknazarov dueti final ostonasida yaponiyalik Koday Abe va Sota Kagavani 0:6, 6:4, 11:9 hisobida taslim etdi.
Yana bir hamyurtimiz Abdurahmon Karimov esa tojikistonlik Somon Amonov bilan juftlik hosil qilib, yarim finalda hindistonlik Arad Yakshitij hamda polshalik Yuliush Stanchik 6:4, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Shu tariqa, ushbu ikki g‘olib juftlik – Danila va Mahmudbek, Abdurahmon hamda Somon Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilayotgan musobaqaning bosh sovrini uchun o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA