“Yosh soliqchi – 2026”: g‘oyalar, tashabbuslar va yangi imkoniyatlar maydoni
Yakunlanayotgan haftada Samarqand shahrida Respublika soliq qo‘mitasi tomonidan ilk bor tashkil etilgan “Yosh soliqchi – 2026” forumi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda ilgari surgan “Yoshlar ligasi”ni tuzish tashabbusi ijrosi yuzasidan tashkil etilgan forumda yurtimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar soliq idoralarining 200 nafarga yaqin yosh xodimlari qatnashdi.
To‘rt kun davomida yetakchilik va loyihalarni boshqarish bo‘yicha mahorat darsi, soliq ma’muryatchiligini raqamlashtirish bo‘yicha sessiya, psixolog ishtirokida jamoa ahilligi va rag‘bati bo‘yicha trening, “Blits-so‘rov” va “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.
Forumning eng kutilgan qismi — “Innovatsion yechimlar tanlovi” yoshlarning zamonaviy bilim va salohiyatini namoyon etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Unda hududiy soliq organlari yoshlari tomonidan sohaning turli yo‘nalishlarni qamrab olgan loyihalar taqdim etildi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi “Soliq Quest” loyihasi orqali soliq bilimlarini o‘yinlashtirilgan va interaktiv usulda o‘rgatishni taklif qilgan bo‘lsa, jizzaxlik yosh soliqchilar “Fermerlar kalendari” tashabbusida qishloq xo‘jaligi sub’ektlari uchun soliq to‘lovlarini ekin turi, hosil davri va real daromad tushish vaqtiga moslashtirish g‘oyasini ilgari surdi. Qashqadaryo viloyat jamoasining “Soliq Start” mobil ilovasi yosh tadbirkorlar va frilanserlar uchun smart-kalkulyator, soliq kalendari, imtiyozlar xaritasi, qisqa videodarslar, testlar hamda 24/7 rejimida ishlaydigan AI-konsultantni yagona platformada birlashtirishni nazarda tutdi.
Samarqand viloyat jamoasi tomonidan sun’iy intellekt asosida prognoz qilish hamda soliq imtiyozlarini KPI ko‘rsatkichlari orqali baholash tizimi namoyish etildi.
– Biz loyiha ustida ishlayotganda, avvalo, bu yechim soliq tizimiga nima beradi, degan savoldan kelib chiqdik, – deydi Samarqand viloyat soliq boshqarmasi jamoasi vakili Elbek Xidirov. – Sun’iy intellektdan foydalanishning o‘zi maqsad emas. Muhimi, mavjud ma’lumotlardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, kelgusi holatni oldindan baholash va qaror qabul qilishda aniq tahliliy asosga ega bo‘lish. Imtiyozlarni KPI orqali baholash g‘oyasi ham shu ehtiyojdan kelib chiqdi.
Forum doirasida yosh mutaxassislarning shaxsiy va kasbiy salohiyatini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. “Notiqlik san’ati va liderlik xarizmasi” mavzusidagi amaliy mashg‘ulotda ishtirokchilar samarali muloqot, jamoani boshqarish, omma oldida o‘z fikrini erkin ifodalash va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘ldilar.
Forum yakunida eng faol ishtirokchilar va jamoalar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.
“Eng yaxshi yosh soliqchi – 2026” bosh sovrini Farg‘ona viloyat soliq boshqarmasi yuridik shu’ba bosh yuriskonsulti Shukrullo Xalilovga nasib etdi.

“Eng yaxshi yosh lider” nominatsiyasida Toshkent shahar soliq boshqarmasi yuridik shaxslarga xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi davlat soliq katta inspektori Azizbek Parpiyev g‘olib bo‘ldi.
“Eng faol va tashabbuskor qiz” nominatsiyasida Sirdaryo viloyat soliq boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Odina Qurbonboyeva e’tirof etildi.
Shuningdek, “Eng yaxshi hududiy jamoa – 2026”, “Eng yaxshi startap tashabbus – 2026”, “Eng intellektual jamoa – 2026”, “Forumning eng faol tashkilotchisi – 2026” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi

Tadbirda yosh kadrlarning xorijiy tajribalar bilan tanishishi uchun ham imkoniyat yaratildi. Iste’dodli va istiqbolli kadrlar orasidan 12 nafar yosh soliqchiga “Yandex” kompaniyasi tomonidan Moskva shahrida amaliy tajriba orttirish va o‘zaro tajriba almashish uchun vaucherlar taqdim etildi.
Samarqandda o‘tkazilgan “Yosh soliqchi – 2026” forumi shu tariqa bilim, tashabbus va innovatsiyani birlashtirgan maydon sifatida o‘z ahamiyatini namoyon etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar ko‘hna kentning boy tarixidan so‘zlovchi qadimiy obidalarni ziyorat qilib, uning betakror me’moriy merosi bilan yaqindan tanishdilar.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri