Jazirama sahro o‘rtasidagi shaharda yoz chillasida muz qanday saqlangan?
Atrofi qumli sahrolar bilan o‘ralgan Buxoroda XIX asr o‘rtalarida yozning eng issiq chilla kunlarida ham bozorlarda aholiga uzluksiz muz sotilgani xorijlik sayyohlarni hayratga solgan.
Yoz oylarida harorat keskin ko‘tariladigan Zarafshon vohasida aholini chuchuk suv va salqin ichimliklar bilan ta’minlash murakkab muhandislik hamda tashkiliy yondashuvni talab etgan. Xorijlik sayhlarning qaydlariga ko‘ra, shahar mudofaa devorlarining aylana uzunligi o‘n besh ingliz milini tashkil etib, o‘n bitta darvoza orqali tashqi dunyo bilan bog‘langan. Markaziy Osiyoning yirik savdo va bilim markazlaridan biri hisoblangan bu shaharda o‘sha vaqtda yuz ellik ming aholi istiqomat qilgan. Atrofdagi qumli dashtlardan keladigan issiq shamolga qaramay, shahar ichidagi ixcham suv tarmoqlari va hovuzlar tizimi mikroiqlimni mo‘’tadil ushlab turishga xizmat qilgan. Shaharni suv bilan ta’minlash Zarafshon daryosining tarmoqlari orqali amalga oshirilib, suv maxsus kanallar va ariqlar vositasida mevali bog‘lar hamda jamoat havuzlariga yo‘naltirilgan. Suv resurslarini taqsimlash va tozaligini saqlash shahar ijtimoiy hayotining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sanalgan.
Aynan shunday jug‘rofiy va iqlim sharoitida chilla davrida bozorlarda muzning mo‘l-ko‘l bo‘lishi tashqi kuzatuvchilarda katta taassurot qoldirgan. Britaniyalik sayyoh Yozef Volf Buxoroga 1843–1845-yillardagi tashrifiga bag‘ishlangan xotiralarida jazirama issiq kunlarda shahar bozorlarida muz va turli meva sharbatlari muntazam sotilganini alohida qayd etadi. Tabiiy muz qish oylarida muzlagan havuzlardan, shuningdek, atrofdagi tog‘li hududlardan va chuqur yer osti muzxonalaridan yig‘ilgan. Bu muzxonalar qalin loy va somon qatlamlari bilan izolyatsiya qilinib, issiq o‘tkazmaydigan maxsus quduq va yerto‘lalarda yozning oxirigacha saqlangan. Bozorlarga keltirilgan muz bo‘laklari aholiga, ayniqsa, savdo rastalarida salqin ichimliklar, meva sharbatlari va qandolat mahsulotlari tayyorlash uchun yetkazib berilgan.
Buxoro bozorlari faqat oziq-ovqat va muz savdosi bilan cheklanmay, ulkan savdo infratuzilmasini mujassam qilgan edi. Shaharda uch yuz oltmish ta masjid, yigirma ikkita karvonsaroy va yuzga yaqin madrasa faoliyat yuritgan. Bozorlar baland gumbazli rastalar va yopiq chorsulardan iborat bo‘lib, har bir hunar va savdo turi uchun alohida ko‘chalar ajratilgan. Rastalarda mahalliy pishiq ipak gazlamalar, sag‘ri charm mahsulotlari, o‘tkir tig‘li qilichlar va quritilgan mevalar sotilgan. Shahar iqtisodiyotining tashqi aloqalari ham keng ko‘lamli bo‘lib, Orenburg, Sibir, Qo‘qon, Qoshg‘ar va Hindistondan kelgan karvonlar muntazam ravishda tovar almashinuvini amalga oshirgan. Hindistonning Sind viloyati va Shikarpur shahridan kelgan uch yuzga yaqin savdo vakillari shahar savdo hayotida faol qatnashgan.
Shaharning boshqaruv tizimi va xo‘jalik hayotida bosh vazir – qo‘shbegi Hakimbek alohida o‘rin tutgan. Sayyoh Yozef Volfning kuzatuvlariga ko‘ra, qo‘shbegi Hakimbek Buxoroni nafaqat savdo, balki ilm-fan va muhandislik markaziga aylantirish maqsadida xorijlik olimlar, shifokorlar va hunarmandlarni taklif etish siyosatini olib borgan. Uning davrida shaharsozlik ishlari jadallashib, jamoat binolari, masjidlar va shahar tashqarisidagi bog‘-rog‘lar maydoni kengaytirilgan. Shaharda uch yuzta boshlang‘ich maktab mavjud bo‘lib, aholining savodxonlik darajasi va madaniy turmush tarzi yuqori bo‘lgan. Minglab hunarmandlar va ipak bo‘yoqchilari shahar sanoatining asosini tashkil etgan.
Shahar markazida joylashgan, qadimgi Ark qal’asi hokimiyat va ma’muriy boshqaruvning o‘zagi sanalgan. Qal’a atrofidagi maydonlar va bozorlar kunlik ijtimoiy muloqot markazi vazifasini o‘tagan. Shu bilan birga, Qorako‘l viloyatidan keltiriladigan noyob qora mo‘yna – qorako‘l terilari yiliga ikki yuz ming donagacha eksport qilingan. Savdo yo‘llarining xavfsizligi va vohaning suv inshootlarini tartibga solish shahar farovonligining asosiy omili bo‘lgan. Qo‘shni Samarqand shahridagi ipakdan qog‘oz ishlab chiqarish va Ulug‘bek rasadxonasi an’analari kabi Buxorodagi suv hamda muz saqlash infratuzilmasi ham mahalliy muhandislik tafakkurining amaliy namunasi edi.
Yozef Volf ushbu jarayonni tasvirlar ekan, Buxoro aholisining mehmondo‘stlik odatlari, savdo madaniyati va murakkab tabiiy sharoitlarga moslashish mahoratini yuqori baholaydi. Chilla issig‘ida muzni asrab qolish va uni keng iste’molga chiqarish texnologiyasi oddiy maishiy qulaylik emas, balki murakkab voha sivilizatsiyasining iqtisodiy barqarorligini ta’minlagan muhim infratuzilmaviy yutuq edi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA