Yosh shaxmatchilarimiz Osiyo chempionatida qatnashmoqda
Shu kunlarda Hindistonning Mumbay shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida “Asian Junior Chess Championship-2026” musobaqasi o‘tkazilmoqda.
Osiyoning 10 ta mamlakatidan 158 nafar shaxmatchi ishtirok etayotgan qit’a birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasining 3 nafar o‘g‘il va 2 nafar shaxmatchi qizlari dona surmoqda.
Bugun, 20-avgust kuni chempionatning 2-tur o‘yinlarida terma jamoamiz a’zolaridan Javohir Bozorov, Ibrohim Jumanazarov, Nurmuhammad Ne’matillaxonov o‘g‘il bolalar musobaqasida hindistonlik shaxmatchilar bilan kuch sinashadi.
Qizlar o‘rtasidagi bahslarda o‘z omadini sinovdan o‘tkazayotgan hamyurtlarimiz Sarvinoz Begmuratova va Liliya Belaya ham 2-turda hind shaxmatchilari bilan bahs olib boradi.
Ortda qolgan ilk turda shaxmatchi yigitlarimizdan Ibrohim Jumanazarov raqibini mag‘lub etgan bo‘lsa, Javohir Bozorov va Nurmuhammad Ne’matillaxonov imkoniyatni boy berdi.
Shaxmatchi qizlarimiz 1-turda raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, chempionatdagi dastlabki ochkolarini qo‘lga kiritdi.
Aytish lozimki, 9 ta turdan iborat qit’a chempionatida g‘oliblikka erishgan shaxmatchilar FIDE tomonidan xalqaro grossmeyster unvoni uchun norma olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Musobaqada kumush va bronza medal sohiblari xalqaro sport ustasi hamda FIDE sport ustasi unvonlari uchun normativlarni bajargan hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, qit’a chempionati 25-avgustga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA