Polvonlarimiz jahon chempionatida umumjamoa hisobida uchinchi bo‘ldi
Slovakiyada sport kurashlari bo‘yicha U20 yosh toifasidagi jahon chempionati bahslari davom etmoqda. Musobaqaning navbatdagi kunida O‘zbekiston vakillari 2 ta kumush va 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Kumush medalga 60 kilogramm vazn toifasida Dostonbek Oripov hamda 53 kilogramm vaznda Sohibjamol Esbosinova sazovor bo‘ldi. 50 kilogramm vazn toifasida Nilufar Nurmuhammadova bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, yunon-rum kurashi bahslari yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 95 ochko jamg‘arib, Rossiya va Erondan keyin umumjamoa hisobida uchinchi o‘rinni egalladi.
Bugun musobaqaning kechki dasturida hamyurtlarimizdan Muhayyo Narzillayeva 65 kilogramm vazn toifasida final bahsida rossiyalik Margarita Salazaryanga qarshi kurashadi. 62 kilogramm vazn toifasida Feruza Qayratdinova esa bronza medali uchun bahsda Ozdenur Ozmez (Turkiya) — Ifan Chju (Xitoy) juftligi g‘olibiga qarshi maydonga chiqadi.
Shuningdek, bugun erkin va ayollar kurashi bahslarida O‘zbekistonning yana uch nafar vakili saralash bosqichida ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA