“Yosh kutubxonachilar” Respublika ilmiy-amaliy forumi va “Innovatsion loyihalar” tanlovi boshlandi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan “Yosh kutubxonachilar” Respublika ilmiy-amaliy forumi hamda uning doirasida “Innovatsion loyihalar” tanlovi o‘tkazilmoqda.
Mazkur kutubxona direktori Umida Teshaboyeva bugungi kunda yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda kechayotgan o‘zgarishlar jarayonida ziyo maskanlari faoliyatini jahon andozalari talablari darajasida yo‘lga qo‘yish masalasiga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Forumda e’tirof etilganidek, kutubxonalarda an’anaviy kitoblar bilan birga raqamli resurslar va elektron ma’lumotlar bazalarini tizimlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi kutubxona mutaxassislaridan media-savodxonlik va zamonaviy dasturiy ta’minotlar bilan ishlash ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishni talab qilmoqda. Raqamli muhitda mualliflik huquqlarini himoya qilish va foydalanuvchilarga ochiq ma’lumotlardan qonuniy foydalanish imkoniyatini yaratish o‘rtasidagi muvozanatni saqlash dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Zamonaviy kutubxonalar faqat kitob berish maskani emas, balki aholi uchun ijtimoiylashuv, madaniy tadbirlar va kovorking xizmatlarini taklif etuvchi ko‘p tarmoqli markazlarga aylanmoqda. Nodir qo‘lyozmalar va tarixiy adabiyotlarni raqamlashtirish hamda ularni kelajak avlod uchun xavfsiz saqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
[gallery-30613]
Jismoniy imkoniyati cheklangan foydalanuvchilar uchun kutubxona binolari va elektron resurslarining inklyuziv hamda qulay bo‘lishini ta’minlash sohaning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Internet tarmog‘ida ma’lumotlar hajmi ortib borishi foydalanuvchilarga kerakli va ishonchli axborotni saralab berishda kutubxonalarning filtrlik funksiyasini yanada kuchaytirmoqda. Kutubxona fondlarini zamonaviy adabiyotlar bilan davriy yangilab borish va aholining mutolaaga bo‘lgan qiziqishini masofaviy xizmatlar orqali qo‘llab-quvvatlash tizimli yondashuvga muhtoj.
Mazkur forum yosh kutubxonachi mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, o‘zaro tajriba almashish, liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda axborot-kutubxona sohasida ishlayotgan va ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni ko‘zlashi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Forum dasturidan ilmiy ma’ruzalar, seminar-treninglar, tajriba almashish, amaliy uchrashuvlar va malaka oshirish tadbirlari o‘rin olgan. Mazkur tadbirlar orqali ishtirokchilar zamonaviy kutubxonachilikning ilg‘or tajribalari bilan tanishish, o‘z kasbiy bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlash hamda soha mutaxassislari bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Joriy yilgi forum respublika miqyosida katta qiziqish uyg‘otdi. Unda ishtirok etish uchun 329 nafar yosh mutaxassis ro‘yxatdan o‘tdi. Forum ishtirokchilari O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tizimidagi axborot-kutubxona markazlari, oliy ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy kutubxonalar hamda nodavlat oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislardan iborat.
Forum doirasida tashkil etilgan “Innovatsion loyihalar” tanlovi axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etishni rag‘batlantirish hamda yosh iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi.
Tanlovga respublikaning turli hududlaridan jami 76 ta loyiha kelib tushdi. Loyiha tezislari ilmiy darajaga ega ekspertlardan iborat ekspertlar guruhi tomonidan belgilangan mezonlar asosida batafsil ko‘rib chiqildi. Har bir loyiha dolzarbligi, innovatsionligi, amaliy ahamiyati, amalga oshirish mexanizmi va kutilayotgan natijalari bo‘yicha chuqur tahlil qilindi.
Ekspertlar xulosalariga ko‘ra, eng yuqori baholangan 12 ta loyiha tanlovning ikkinchi bosqichiga yo‘llanma oldi. Ushbu bosqichda loyiha mualliflari o‘z ishlanmalarini ekspertlar va Tanlov hay’ati oldida taqdim etadi.
Ikkinchi bosqichga tavsiya etilmagan loyiha mualliflari ham forum ishtirokchilari sifatida faoliyatini davom ettiradi. Ularning loyihalarida aniqlangan ayrim kamchiliklar hamda takomillashtirish zarur bo‘lgan jihatlar yuzasidan ekspertlar tomonidan tegishli tavsiyalar berildi. Bu esa kelgusida yanada mukammal va amaliy ahamiyatga ega innovatsion loyihalar yaratilishiga xizmat qiladi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra eng yuqori natijani qayd etgan to‘rtta loyiha muallifi Gran-pri, birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, Tanlov hay’ati qaroriga asosan maxsus nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanadi. G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshiriladi.
N.Usmonova,
A.Alijonov (surat),
O‘zA