Obod mahalla — farovon hayot kafolati
Mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning haqiqiy samarasi, avvalo, inson yashaydigan muhitda — obod ko‘chalar, farovon xonadonlar, odamlarning ko‘tarinki kayfiyati va ertangi kunga bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘ladi.
Buni Sayxunobod tumanining O‘zbekiston mahallasi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Bugun bu yerda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari mahalla qiyofasini tubdan yangilab, aholining turmush tarzi va yashash sharoitini tobora yaxshilamoqda. Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar esa odamlarning hayot sifati, kayfiyati va ertangi kunga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, eng avvalo, mahallalar qiyofasi va odamlarning kundalik hayotida namoyon bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidlab, hududlarda obodonlashtirish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Sayxunobod tumanining O‘zbekiston mahallasida mazkur topshiriqlar izchil amalga oshirilmoqda. Bugun mahallaga kirgan har qanday kishi bu yerdagi o‘zgarishlarni darhol his etadi. Yangi asfalt yo‘llar, yangilangan elektr tarmoqlari, ichimlik suvi inshootlari va obod ko‘chalar mahallaning qiyofasini tubdan o‘zgartirib, aholi uchun yanada qulay yashash muhitini yaratmoqda.

Mahallada 3 ming 350 nafar aholi istiqomat qiladi. Asosiy iqtisodiy yo‘nalishlar chorvachilik va dehqonchilikdan iborat. Tomorqadan samarali foydalanish, issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasida ham salmoqli natijalarga erishilgan. Joriy yilning o‘zida 121 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qildi, 38 nafar ishsiz fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
“Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida amalga oshirilgan ishlar mahallaning muhandislik infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqdi. Xususan, 2 ming 880 metr yangi elektr tarmog‘i tortilib, 85 ta temir-beton tayanch o‘rnatildi. Buning natijasida 70 ta xonadonning elektr ta’minoti yanada yaxshilandi.
Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Jahon banki dasturi doirasida 4,5 kilometr yangi ichimlik suvi tarmog‘i barpo etildi. Ayni paytda ikkita yangi suv inshooti qurilishi davom etmoqda.

Shuningdek, Jahon banki mablag‘lari hisobidan Geroy qishlog‘iga olib boruvchi 2 kilometr 370 metr beton qoplamali avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Mazkur loyiha aholi uchun transport qatnovini yengillashtirish bilan birga hududning iqtisodiy faolligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Mahalladagi o‘zgarishlarning eng yorqin namunasi esa, shubhasiz, “Tashabbusli byudjet” loyihalaridir. Aholining birdamligi va faolligi natijasida umumiy uzunligi 4,6 kilometr bo‘lgan ichki yo‘llarni asfaltlash bo‘yicha ikki loyiha g‘olib deb topildi. Bugungi kunda birinchi bosqich doirasida 2,3 kilometr yo‘l to‘liq asfaltlanib, Hurriyat, Al-Buxoriy va Vatan ko‘chalari mutlaqo yangicha qiyofa kasb etdi. Ayni paytda yana to‘rtta ko‘chada asfaltlash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Mahalla ahlini quvontirgan yana bir muhim yangilik — Geroy qishlog‘ini Guliston shahri bilan bog‘lovchi 12 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurilishi dasturga kiritilganidir. Ushbu loyiha amalga oshgach, aholi avvalgidek 45 kilometr aylanma yo‘l bosib yurishga majbur bo‘lmaydi. Bu esa vaqt va transport xarajatlarini tejash bilan birga, aholiga yanada katta qulaylik yaratadi.
Qishloq xo‘jaligida ham ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun mahallada 35 tadan ortiq issiqxona faoliyat yuritmoqda. Ularning o‘ndan ortig‘ida bir yilning o‘zida ikki-uch martadan hosil olinmoqda. Fayzobod ko‘chasida yashovchi Muhammadiyev Kamoliddin tomonidan 30 sotix maydonda Oltiariq tajribasi asosida tashkil etilgan uzumzor tomorqadan samarali foydalanish va yuqori daromad olishning amaliy namunasiga aylangan.
— Bugun mahallamizda amalga oshirilayotgan har bir loyiha inson manfaatiga xizmat qilmoqda. Elektr, ichimlik suvi, yo‘l va transport infratuzilmasidagi o‘zgarishlar odamlarning kundalik hayotini ancha yengillashtirdi. Eng muhimi, aholining o‘zi bu jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylandi. “Tashabbusli byudjet” orqali ilgari surilgan takliflar amalda ro‘yobga chiqmoqda. Bu esa mahallamizning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda. Obod mahalla farovon hayotning mustahkam poydevoridir, — deydi mahalla raisi Bahodir Abdurahmonov.

Mahalladagi yangilanishlar nuroniylar qalbida ham cheksiz mamnuniyat uyg‘otmoqda.
— Biz ko‘pni ko‘rgan avlodmiz. Ilgari bunday o‘zgarishlarni asosan shahar va tuman markazlarida ko‘rardik. Bugun esa ana shu yangilanishlar o‘z mahallamizga ham kirib kelganidan behad mamnunmiz. Yillar davomida ta’mirtalab bo‘lib kelgan yo‘llarimiz bugun “Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan asfaltlandi. Elektr va ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanmoqda. Bu mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida mahallamiz ahli uchun eng munosib bayram tuhfasi bo‘ldi. Bugun odamlarning kayfiyati ham, ertangi kunga bo‘lgan ishonchi ham butunlay o‘zgargan. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, ularning samarasini kundalik hayotimizda his qilib turibmiz, — deydi mahalla nuroniysi Toshbek Xaratov.

Darhaqiqat, O‘zbekiston mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlamoqda: mamlakat taraqqiyoti, eng avvalo, mahalladan boshlanadi. Obod ko‘chalar, mustahkam infratuzilma, faol va tashabbuskor aholi, farovon xonadonlar — bularning barchasi Yangi O‘zbekistonda inson qadri ustuvor qadriyatga aylanganining amaliy ifodasidir.
Zero, mahalla obod bo‘lsa — yurt obod, yurt obod bo‘lsa — xalq hayoti farovon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri