Yosh ixtirochidan suvni tejash yechimi (+video)
Yangi loyiha
"G‘oyadan ixtiroga" loyihasi doirasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi Bahodir Qodirov o‘zining ilmiy tadqiqoti haqida gapirib berdi. U bugungi kunda dolzarb bo‘lib borayotgan muammo — suv tanqisligi va uning yechimlariga alohida to‘xtaldi.
Bahodir Qodirov tomonidan yaratilgan “Yomg‘ir qutisi" - yomg‘ir suvlarini yig‘ish, saqlash va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan.
Ta’kidlanishicha, ilgari yomg‘ir suvlari deyarli bekorga oqib ketar, ulardan yetarlicha foydalanilmas edi. Holbuki, bu tabiiy resursdan oqilona foydalanish orqali suvga bo‘lgan ehtiyojni qisman qoplash mumkin.
Yomg‘ir suvlari maxsus tizimlar orqali yig‘ib olinadi va keyingi yomg‘ir mavsumigacha saqlanadi. Ushbu suvlar esa qishloq xo‘jaligida, ayniqsa, o‘simliklarni sug‘orishda qo‘llaniladi.
Eng muhim jihatlardan biri, bu jarayonning avtomatlashtirilgani. Ya’ni, yer namligi 30 foizdan pasayganda avtomatik ravishda tomchilatib sug‘orish tizimi ishga tushadi. Agar namlik 80 foizdan yuqori bo‘lsa, tizim avtomatik tarzda to‘xtaydi. Bu esa suv tejalishi va o‘simliklarning ortiqcha namlanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Muallifning ta’kidlashicha, yomg‘ir suvlaridagi tabiiy moddalar va foydali elementlar tufayli o‘simliklar unumdorligi taxminan 30 foizgacha oshishi mumkin. Shuningdek, zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyalari orqali umumiy hosildorlikni yanada ko‘paytirish imkoni mavjud.
Mazkur qurilma nafaqat suv resurslarini tejash, balki qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladigan zamonaviy va dolzarb yechim hisoblanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/bLogJii5_fk" title="Yosh ixtirochidan suvni tejash yechimi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
H.Bayonov (video), S.Obidjonov (montaj), O‘zA