Yosh gandbolchilarimiz Iordaniyada jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashadi
Bugun, 20-avgust kuni Iordaniya poytaxti Ammon shahrida gandbol bo‘yicha O‘zbekiston U-18 terma jamoasi ishtirok etayotgan 11-Osiyo chempionati musobaqalari boshlanadi.
O‘smirlar o‘rtasidagi 12-jahon chempionatiga saralash bosqichi bo‘lgan ushbu birinchilikda ishtirok etayotgan 10 ta milliy terma jamoalar 2 ta guruhga bo‘lingan holda bahs olib boradi.
Har bir guruhdan eng yaxshi to‘rtta jamoa chorak finalga yo‘l oladi va jahon chempionati saralash bosqichiga yo‘llanma olish imkoniyatini saqlab qoladi. Amaldagi qit’a chempioni Yaponiya jamoasi musobaqada qatnashmaydi. Tarixdagi eng ko‘p sovrinli jamoa, o‘tgan yilgi qit’a birinchiligida kumush medalni qo‘lga kiritgan Janubiy Koreya jamoasi “A” guruhi O‘zbekiston, Bahrayn, Iordaniya, Hindiston jamoalari bilan bahs olib boradi.

Guruhlardagi dastlabki saralash bosqich o‘yinlari 20-26-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.
Bugun O‘zbekiston U-18 terma jamoasi a’zolari “A” guruhdagi ilk o‘yinni Janubiy Koreya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.
O‘z guruhidan eng yaxshi natija qayd etgan to‘rtta jamoa 28-avgust kuni chorak finalda kuch sinashadi.
Yarim final uchrashuvlari 29-avgustga belgilangan bo‘lib, final va bronza medali uchun o‘yinlar 31-avgust kuni tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA