Yordamdan imkoniyat sari
Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar, xotin-qizlar va bolalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Ayni paytda viloyatdagi 516 ta mahallada 514 nafar ijtimoiy xodim faoliyat yuritmoqda. Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida aholiga 120 turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj 15 ming 525 nafar shaxs va oila bo‘yicha individual ish olib borish uchun keyslar ochildi.
Hisobot davrida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan 22 ming 388 ta arizaning 15 ming 335 tasi bo‘yicha yordam ko‘rsatilib, bu maqsadlarga 12,7 milliard so‘m yo‘naltirildi. Mablag‘lar ehtiyojmand fuqarolarning davolanishi, dori-darmon, oziq-ovqat va kiyim-kechak xarid qilishi, uy-joyini ta’mirlashi hamda kommunal to‘lovlarini qoplashi uchun sarflandi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, vaucher tizimi orqali 3 ming 199 nafar fuqaro protez va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlandi.
“Faol hayotga qadam” dasturi doirasida o‘zgalar parvarishiga muhtoj 3 ming 860 nafar fuqaroga besh turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Ularga ijtimoiy-maishiy yordam va reabilitatsiya xizmatlari tashkil etilmoqda.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida ham tegishli choralar ko‘rilyapti. Joriy yilning o‘tgan davrida 9 ming 735 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi. Murojaatlar asosida psixologik, huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi.
Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlarga hamrohlik” dasturi amalga oshirilmoqda. Joriy yilda ushbu toifadagi 27 nafar yoshni uy-joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan bo‘lib, hozirga qadar 22 nafari uchun uy-joy sotib olindi.
Alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalarning ta’lim olishi uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. Viloyatdagi 60 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida 126 ta inklyuziv guruh, 223 ta umumta’lim maktabida 453 ta inklyuziv sinf faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, oltita “Ilk rivojlanish markazi”ga 812 nafar bola qamrab olindi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan. Hisobot davrida 6 ming 460 nafar ayolga homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘landi.
[gallery-32133]
Amalga oshirilayotgan ushbu ishlar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularning mustaqil hayot kechirishi, ta’lim olishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA