Andijonlik olimalar AQSHda malaka oshirmoqda
Andijon davlat universitetida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘qitish, ta’lim va ilmiy-tadqiqotlar sifatini oshirish, professor-o‘qituvchilarning kasbiy va ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga tatbiq etish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Ana shu yo‘nalishdagi ishlarning amaliy ifodasi sifatida universitetning tilshunoslik kafedrasi professorlari Dilfuza Nurmonova va Dildora Nabiyeva akademik mobillik dasturi doirasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri – Lixay universitetida “Tillarni o‘qitish metodologiyasi” dasturi asosida malaka oshirmoqda.
Dastur doirasida olimalar zamonaviy ta’lim metodikalari, innovatsion pedagogik yondashuvlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘zlashtirib, kasbiy hamda ilmiy salohiyatini yanada rivojlantirmoqda.


Shuningdek, ular Lixay universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalariga o‘zbek tilining o‘ziga xos xususiyatlari, lingvistik boyligi hamda milliy-madaniy jihatlarini yorituvchi mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu esa o‘zbek tilini xalqaro akademik muhitda targ‘ib etish, milliy tilimiz va madaniyatimizga bo‘lgan qiziqishni oshirish hamda madaniyatlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Mazkur xalqaro malaka oshirish dasturi Andijon davlat universitetining xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ta’lim sifatini yanada takomillashtirish va ilg‘or xorijiy tajribani o‘quv jarayoniga joriy etish hamda xalqaro maydonda tilimiz nufuzini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri