Yo‘lsiz qolgan Zarmas: aholi muammosiga qachon yechim topiladi?
Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumani. Bir tomonda pishqirib oqayotgan Qizilsuv daryosi, bir tomonda esa yo‘lsiz qolgan aholi. Zarmas qishlog‘ida yashovchi 70 dan ortiq xonadon uchun bugun yo‘l masalasi shunchaki transport muammosi emas, balki hayot-mamot masalasiga aylangan. Tahririyatga kelib tushgan murojaatdan so‘ng holatni joyida o‘rgandik. Ko‘rilgan manzara bir savolni o‘rtaga tashlaydi: tabiat ofatiga barcha aybni yuklash mumkinmi yoki inson omili ham bugungi vaziyatda hal qiluvchi rol o‘ynaganmi?
Yo‘qolgan yo‘l
Tatar mahallasiga qarashli tog‘li Zarmas qishlog‘iga olib boruvchi suqmoq yo‘l yuzlab yillar davomida aholi foydalanib kelgan yagona qatnov yo‘li hisoblangan. Keyingi yillarda esa Qashqadaryo va Surxondaryoni bog‘lovchi yangi magistral avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi.
Qurilish ishlari doirasida qoyalar portlatildi, daryo sohili kengaytirildi, ulkan xarsang toshlar Qizilsuv daryosiga tashlandi. Ammo aholi ta’kidlashicha, besh oydan buyon qurilish ishlari butunlay to‘xtab qolgan.
Aynan shu vaqt oralig‘ida bahorgi sellar kelib, o‘zgargan daryo o‘zani suv oqimini boshqa tomonga burib yuborgan. Natijada o‘nlab yillar xizmat qilgan suqmoq yo‘l ham sel ostida qolgan.
Bugun Zarmasga avtomobil u yoqda tursin, piyoda ham o‘tishning imkoni deyarli yo‘q.
Qishloq aholisi bilan daryoning ikki sohilida turib suhbatlashdik. Ular uchun bugungi eng katta muammo tashqi dunyo bilan aloqaning uzilib qolganidir.
Tatar mahallasi raisi Toshpo‘lat Berdiyevning aytishicha, yo‘l ilgari ham sellarni ko‘rgan, ammo bu darajada vayron bo‘lmagan.
– Biz hozir Tatar mahallasining tog‘li qishloqlari – Zarmas va Vori aholisi foydalanadigan yo‘l oxirida turibmiz. Shu yergacha yangi yo‘l qurilgan edi. Ammo besh oydan buyon ishlar to‘xtab qolgan. Yo‘l quruvchilar tomonidan daryoga tashlangan katta xarsanglar suv oqimini o‘zgartirib yubordi. O‘tgan oyning 19-sanasida kelgan kuchli sel natijasida suqmoq yo‘l ham yuvilib ketdi. Ikki haftadan buyon aholi markaz bilan aloqasiz qoldi.
Uning ta’kidlashicha, avval ham bahorgi sellar kuzatilgan, ammo bu yo‘l hech qachon bunday holatga kelmagan.
– Bu yo‘l qishloq paydo bo‘lganidan buyon xizmat qilib kelgan. Asosiy muammo daryoga tashlangan xarsanglar va yarim yo‘lda qolgan qurilish ishlari bo‘ldi. Endi quruvchilar kelib, ishni oxiriga yetkazishi kerak, – deydi mahalla raisi.
Yo‘lning uzilishi bir qarashda oddiy infratuzilma muammosidek ko‘rinishi mumkin.
Ammo tog‘ qishlog‘i uchun bu – tez tibbiy yordam, maktab, bozor, oziq-ovqat, dori-darmon va davlat xizmatlariga chiqish yo‘lining uzilishi degani.
Ayniqsa, yog‘ingarchilik davrida aylanma yo‘llardan yurish ham xavfli va ancha mashaqqatli. Aholi esa bir savolni o‘rtaga tashlamoqda: agar qurilish ishlari o‘z vaqtida yakunlanganida, bugungi vaziyat yuzaga kelarmidi?
Holat yuzasidan Yakkabog‘ tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi direktori O‘lmas Fayziyev ham o‘z munosabatini bildirdi.
– Bu yil hududimizda yog‘ingarchilik me’yordan ancha yuqori bo‘ldi. Qizilsuv daryosida suv hajmi keskin oshdi. Zarmas qishlog‘iga olib boruvchi suqmoq yo‘l ham sel ta’sirida buzildi. Bu haqda xabarimiz bor. Tuman hokimi boshchiligida ishchi guruh tashkil etilgan. Holat joyida o‘rganildi. Daryoda suv sathi pasayishi bilan vaqtinchalik suqmoq yo‘l tiklanadi.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, mas’ullar muammodan xabardor va vaziyat nazoratga olingan. Biroq aholini qiynayotgan asosiy savol boshqacha: nega besh oy davomida to‘xtab qolgan qurilish taqdiri hal etilmadi?
Surishtiruv davomida bir qator savollar paydo bo‘ldi. Nima sababdan strategik ahamiyatga ega yo‘l qurilishi besh oydan beri to‘xtab qolgan? Qurilish ishlari vaqtida daryo oqimining o‘zgarish ehtimoli bo‘yicha muhandislik hisob-kitoblari qilinganmi? Daryo o‘zanini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan ishlarga ekologik va gidrotexnik xulosalar olinganmi? Qurilish to‘xtab qolgan davrda aholi xavfsizligi uchun vaqtinchalik choralar ko‘rilganmi?
Bu savollarga rasmiy va batafsil javob berilishi nafaqat Zarmas ahli, balki ushbu yo‘ldan foydalanadigan barcha fuqarolar uchun ham muhim.
Xulosa shuki, tabiat ofatini to‘xtatib bo‘lmaydi. Ammo uning oqibatlarini muhandislik yechimlari, puxta rejalashtirish va o‘z vaqtida bajarilgan ishlar orqali kamaytirish mumkin. Zarmas qishlog‘idagi bugungi holat tabiiy ofat bilan birga, infratuzilma qurilishidagi uzilishlar aholi hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham ko‘rsatib turibdi.
Eng muhimi, 70 xonadon yashaydigan qishloq tashqi dunyo bilan aloqasiz qolmasligi kerak.
Tahririyat mazkur masala yuzasidan magistral avtomobil yo‘lini qurishga mas’ul tashkilotning ham rasmiy munosabatini olishga harakat qiladi va mavzuni kuzatishda davom etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA