Tabiiy gaz o‘g‘irligiga chek qo‘yildi
Toshkent viloyatida tabiiy gazdan oqilona foydalanishni ta’minlash, noqonuniy ulanishlar va talon-toroj holatlarining oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
“Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisining tegishli topshirig‘iga asosan tashkil etilgan maxsus ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilayotgan o‘rganishlar davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Jumladan, Zangiota tumani Nazarbek mahallasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida o‘tkazilgan xatlovda iste’molchi gaz hisoblash uskunasini chetlab o‘tgan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan qayta hisob-kitob qilinib, gaz ta’minoti korxonasiga yetkazilgan zarar miqdori 221 million 616 ming so‘m etib belgilandi.
Shuningdek, Piskent tumani Navoiy mahallasida yashovchi fuqaro o‘z xonadonidagi gaz hisoblagichini yechib qo‘ygan holda tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlandi. Bu holat oqibatida gaz ta’minoti korxonasiga 104 million so‘m zarar yetkazilgani hisob-kitob qilindi.
Har ikki holat bo‘yicha tegishli tartibda dalolatnomalar rasmiylashtirilib, hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi. Mas’ullar bunday qonunbuzilishlarning oldini olish va energetika resurslaridan qonuniy hamda oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini ma’lum qildi.
A.Musayev, O‘zA