Yo‘l madaniyati – inson qadri va xavfsizlik kafolati
Joriy yilning birinchi yarmida 256 ming 665 nafar qoidabuzar haydovchiga nisbatan chora ko‘rildi, 37 929 ta transport vositasi jarima maydoniga joylashtirildi. 16 ming 503 ta qoidabuzar piyodaga nisbatan ma’muriy chora qo‘llandi. Foto va video moslamalari orqali 771 ming 706 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Biroq haqiqiy natija inson kamera yoki jarimadan qo‘rqqani uchun emas, o‘z hayoti va boshqalar hayotini qadrlagani uchun qoidaga amal qilganida namoyon bo‘ladi.
Inson hayoti – eng oliy qadriyat. Shu bois yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avvalo, odamlar hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan umumiy mas’uliyatdir.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi tashabbusi bilan respublika Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, Transport vazirligi hamda O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hamkorligida yurtimiz bo‘ylab “Yo‘l madaniyati – xavfsiz hayot kafolati!” shiori ostida keng ko‘lamli targ‘ibot aksiyasi o‘tkazildi.
Shu yil avgust oyining boshida boshlangan aksiya Namangan viloyatining barcha tuman va shaharlarida ham izchil davom ettirildi. Yigirma kunlik aksiyada 1,5 mingdan ziyod kishi qamrab olingan aksiyada partiya mas’ullari va deputatlar ishtirokida aholi gavjum joylar, piyodalar o‘tish yo‘laklari, avtobekatlar va mahallalarda targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Mazkur aksiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad – yo‘l qoidalariga rioya etishni faqat nazorat va jazo bilan emas, balki jamiyatda yuksak yo‘l madaniyatini shakllantirish, inson hayotiga mas’uliyatli munosabatni kuchaytirishdir.

Namangan viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tashkiliy bo‘lim boshlig‘i, mayor Zohidjon Xonazarovning qayd etishicha, 2026-yilning yanvar-iyul oylarida umumiy yo‘l transport hodisalari 81 taga yoki 29,2 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq hodisalar 95 taga yoki 41,5 foizga kamaygan. Biroq o‘lim bilan bog‘liq “avariya”lar 14 taga, ya’ni 29,2 foizga ko‘paygan. Bu esa yo‘llarda inson hayotini asrash borasidagi vazifalar hali ham dolzarb ekanligini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, piyodalar xavfsizligi jiddiy e’tibor talab qiladi. O‘tgan davrdagi ko‘ngilsiz holatlarning 45,4 foizi – 89 tasi piyodalarni urib yuborish bilan bog‘liq bo‘lgan. Buning oqibatida 26 kishi vafot etgan, 63 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Piyodalar ishtirokidagi noxush hodisalar 40,7 foizga, jarohatlanganlar soni 52,6 foizga kamaygan bo‘lsa-da, o‘lim holatlarining ortishi jiddiy xulosa chiqarishni talab etadi.
Bolalar xavfsizligi esa yanada katta mas’uliyatdir. Olti oyda bolalar ishtirokida 51 ta yo‘l transport hodisasi yuz berib, 16 bola vafot etgan, 35 nafari esa tan jarohati olgan. Shuning uchun maktablar atrofida xavfsiz muhit yaratish, bolalarga yo‘l qoidalarini muntazam o‘rgatish, ota-ona va haydovchilar mas’uliyatini oshirish muhim. Ta’lim muassasalari hududida transport harakati 30 kilometr ko‘rsatilgan. Bunga amal qilish muhim hisoblanadi.

– Aksiyamiz davomida shunga amin bo‘ldikki, yo‘l transporti hodisalarning asosiy sabablari ham inson omilining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatmoqda, – deydi “Adolat” SDP Namangan shahar kengashi raisi Mirzarahmat Olimov. – Tezlikni oshirish, quvib o‘tish qoidalarini buzish, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish, oraliq masofani saqlamaslik, piyodalarga yo‘l bermaslik kabi qoidabuzarliklar og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Shuningdek, piyodalarning belgilanmagan joydan yo‘lni kesib o‘tishi bilan bog‘liq 54 ta holat umumiy ko‘rsatkichning 27,5 foizini tashkil etgan.
Yo‘l xavfsizligi infratuzilmani yaxshilashni ham taqozo etadi. Namangan viloyatida 748 ta yangi yo‘l belgisi o‘rnatildi, 1 ming 211 ta yaroqsiz belgi yangisiga almashtirildi, 19 ta yangi svetofor qurilmasi o‘rnatildi, 274 ming 724 kvadrat metr yo‘l chiziqlari chizildi. 37 ta bilim maskani oldida qavariq piyodalar o‘tish joylari tashkillandi.

Demak, yo‘l xavfsizligi – faqat mutasaddi idoralarning emas, balki haydovchi, piyoda, ota-ona, o‘qituvchi, mahalla, deputat va butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir. “Yo‘l madaniyati – xavfsiz hayot kafolati!” aksiyasi ana shu mas’uliyatni kuchaytirishga xizmat qiladi. Chunki, yo‘ldagi har bir ehtiyotkor harakat bir inson hayotini saqlab qolishi mumkin.
Darhaqiqat, yo‘l madaniyati bor joyda – mas’uliyat bor. Mas’uliyat bor joyda – xavfsizlik mavjud. Xavfsizlik bor joyda esa – inson qadri mujassam.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.