Davlat boshqaruvida Koreyaning zamonaviy HR modeli o‘rganilmoqda
Davlat boshqaruvida samaradorlik ko‘p jihatdan kadrlarni to‘g‘ri tanlash, ularning salohiyatini xolis baholash va kasbiy rivojlanishini tizimli yo‘lga qo‘yishga bog‘liq.
Shu nuqtai nazardan o‘zbekistonlik davlat xizmatchilarining Janubiy Koreya tajribasini o‘rganishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Janubiy Koreyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish dasturi” doirasida qisqa muddatli o‘quv dasturi tashkil etildi. Unda natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish belgilangan Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, shuningdek, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari vakillari ishtirok etmoqda.
Dastur Koreya davlat boshqaruvi instituti (KIPA) tomonidan o‘tkazilmoqda. O‘quv jarayonida davlat xizmatida inson resurslarini, ya’ni HR boshqaruvini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, xodimlarni baholash va ularning salohiyatini rivojlantirish mexanizmlari o‘rganilmoqda.
Koreya tajribasining muhim jihatlaridan biri — davlat xizmatchisini faqat lavozimga tayinlash bilan cheklanmasdan, uning kasbiy salohiyatini muntazam baholab borish va rivojlantirishga e’tibor qaratilishidir.
Shuningdek, xodimni ishga qabul qilishdan tortib, uni baholash va kasbiy rivojlantirishgacha bo‘lgan HR jarayonlarini takomillashtirish, takrorlanuvchi jarayonlarni avtomatlashtirish hamda davlat boshqaruvida sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilinmoqda. Dasturning yana bir e’tiborli yo‘nalishi — hududlarda sun’iy intellekt, IoT va raqamli yechimlarga asoslangan “Aqlli qishloq” loyihalarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganishdir.
Bunday yondashuv davlat xizmatini raqamlashtirish bilan bir qatorda, qaror qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish, resurslardan samarali foydalanish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
O‘zbekistonlik ishtirokchilar Koreyaning davlat boshqaruvi, inson resurslarini rivojlantirish va raqamli texnologiyalarni boshqaruv jarayonlariga integratsiya qilish borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganib, uni milliy sharoitda qo‘llash imkoniyatlarini tahlil qilmoqda. Dastur yakunida ishtirokchilar o‘z faoliyat sohasini rivojlantirishga qaratilgan amaliy takliflar bo‘yicha taqdimot tayyorlab, ularni himoya qiladi.
Joriy yil 12-sentabrga qadar davom etadigan mazkur loyiha KOICA moliyaviy ko‘magida tashkil etilmoqda. Koreya tajribasining O‘zbekistonda qo‘llanishi davlat xizmatida “lavozim uchun kadr” emas, balki “natija uchun salohiyatli kadr” tamoyilini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA