Yoʻqolgan hujjatlar bepul tiklab berilmoqda
Bugunga kelib evakuatsiya qilinganlarning bir qismi xavfsiz deb topilgan va tartibga keltirilgan hududlardagi uylariga qaytarilmoqda.
“Sardoba”suv omborining oʻpirilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqini natijasi Sirdaryo viloyatida minglab insonlar boshpanasiz qoldi. Sardoba, Oqoltin, Mirzaobod tumanlaridagi aholi punktlaridan 90 mingga yaqin fuqaro Sirdaryo viloyatining barcha tuman va shaharlariga hamda qoʻshni Jizzax va Toshkent viloyatlari hududiga evakuatsiya qilindi.
Bugunga kelib evakuatsiya qilinganlarning bir qismi xavfsiz deb topilgan va tartibga keltirilgan hududlardagi uylariga qaytarilmoqda.

Ammo ushbu toshqin natijasida koʻplab fuqarolar mol-mulkidan tashqari, zarur hujjatlarini ham yoʻqotdi. Toshqindan jabr koʻrib, zarur hujjatlarini yoʻqotgan fuqarolarga biometrik pasportlar, tugʻilganlik va nikoh guvohnomalari shu joyning oʻzida, yaʼni evakuatsiyaga kelgan hududning oʻzida bepul rasmiylashtirib berilmoqda.
Suv toshqinidan jabr koʻrgan fuqarolarga ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ajratilgan va dezinfeksiya qilingan maxsus transportlar migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi hamda uning hududiy boʻlinmalari olib kelinib shu joyning oʻzida biometrik pasport uchun suratga tushirilib hujjatlari rasmiylashtirilmoqda.

Toshqindan jabr koʻrgan 10 ming 629 nafar Sirdaryo viloyati fuqarolari Jizzax viloyatining Arnasoy, Doʻstlik, Mirzachoʻl, Paxtakor, Sharof Rashidov, Gʻallaorol tumanlari va Jizzax shahridagi oʻquv muassasalari yotoqxonalari va fuqarolarning shaxsiy tashabbuslari bilan aholi turar joylariga joylashtirilgan.
Davlat xizmatlari agentligi Axborot xizmatining yozishicha, agentlik zudlik bilan hujjatlari yoʻqolgan fuqarolar roʻyxatini shakllantirishga kirishgan. Xususan, ayni paytda davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo va Jizzax viloyatlari boshqarmalari mutaxassislari tomonidan hujjatlari yoʻqolgan fuqarolar roʻyxati shakllantirilmoqda.

Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, fuqarolarning pasport, guvohnoma va boshqa hujjatlari bor-yoʻqligi yuzasidan monitoring oʻtkazilgan. 292 fuqaroning 94 nafarida pasport, 134 nafarida tugʻilganlik, 64 nafarida nikohni qayd etish guvohnomalari mavjud emasligi maʼlum boʻldi. Monitoring ishlari davom etmoqda.
Respublika ichki ishlar vazirligi va boshqa vazirliklar qolaversa saxovatpesha tadbirkorlar hamda mehridaryo insonlar tomonidan koʻrsatilayotgan yordam suv toshqinidan jabr koʻrgan aholining dardiga malham boʻlib ularning ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlamoqda.