“Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” aniqlandi
Bugungi kunda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini takomillashtirish, bolalarga sifatli ta’lim-tarbiya berish hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar yo‘lida faoliyat yuritayotgan fidoyi ijodkor pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovining Buxoro viloyati bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur tanlov maktabgacha ta’lim sohasida mehnat qilayotgan pedagoglarning kasbiy mahorati, ijodiy salohiyati va innovatsion yondashuvlarini namoyon etish uchun muhim maydonga aylandi. Bellashuvlarda tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan eng ilg‘or, tashabbuskor hamda o‘z kasbiga sadoqatli pedagoglar ishtirok etib, o‘z bilim va tajribalarini namoyish etdi.

Tanlov uchta muhim shart asosida tashkil qilinib, ishtirokchilarning kasbiy bilim va ko‘nikmalari, bolalar bilan ishlashdagi pedagogik mahorati, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llash darajasi hamda ijodiy yondashuvlari hakamlar hay’ati tomonidan atroflicha baholandi. Ayniqsa, ishtirokchilarning bolalar qalbiga yo‘l topish mahorati, ta’lim jarayonida innovatsion usullardan foydalanish va milliy qadriyatlarni tarbiya jarayoniga singdirish borasidagi tajribalari yuqori e’tirof etildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Eng namunali direktor o‘rinbosari” nominatsiyasida Romitan tumanidagi 29-DMTT direktori o‘rinbosari Dilnoza Qudratova, “Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi” nominatsiyasida G‘ijduvon tumanidagi 66-DMTT tarbiyachisi Oynisa Obidova, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiyasida Shofirkon tumanidagi 26-DMTT tarbiyachisi Gulchiroy Jabborova, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi” nominatsiyasida Vobkent tumanidagi 11-DMTT tarbiyachisi Nodira Xo‘jayeva, “Raqamli va innovasion yondashuvlarni amaliyotga joriy etuvchi tarbiyachi” nominatsiyasida Romitan tumanidagi 20-DMTT tarbiyachisi Shahnoza Zokirova, “Ma’naviy qadriyatlar tarbiyachisi” nominatsiyasida Jondor tumanidagi 10-DMTT tarbiyachisi Maxsuma Rahmonova, “O‘yin orqali bolalarni rivojlantiruvchi ijodkor tarbiyachi” nominatsiyasida Romitan tumanidagi “Eshova Xurshida Hakimovna” oilaviy MTT tarbiyachisi Xurshida Eshova, “Eng namunali tarbiyachi” nominatsiyasida Kogon shahridagi “Anisaoy” oilaviy MTT tarbiyachisi Firyuza Ergashevalar g‘olib deb topildi.

Ta’kidlash joizki, ushbu tanlov nafaqat pedagoglarning bilim va mahoratini sinovdan o‘tkazdi, balki ular o‘rtasida tajriba almashish, ilg‘or metodikalarni ommalashtirish va ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qildi. Ayniqsa, bolalarni zamonaviy bilimlar bilan bir qatorda milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasidagi yondashuvlar barchada katta qiziqish uyg‘otdi.

Endilikda viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ushbu pedagoglar respublika bosqichida Buxoro viloyati sharafini munosib himoya qiladi.
Tanlov yakunida g‘olib va sovrindorlar tantanali ravishda taqdirlanib, ularning ta’lim tizimi rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi, fidokorona mehnati va izlanishlari alohida e’tirof etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri