«Yilning eng faol maxsus pedagogi» tanlovining poytaxt bosqichi o‘tkazildi
Poytaxtimizda «Yilning eng faol maxsus pedagogi» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ma’rifiy tanlovning ahamiyatli jihati — inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar bilan ishlayotgan soha mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishdan iborat.
O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tanlovning eng muhim jihatlari imkoniyati cheklangan va alohida e’tiborga muhtoj bolalarni jamiyatga moslashtirishda zamonaviy va samarali metodikalarni ta’lim jarayoniga tatbiq etish, maxsus pedagoglarning kasbiy salohiyati, ijodiy yondashuvi hamda bolalar bilan ishlashdagi amaliy ko‘nikmalarini namoyon etish va rag‘batlantirishdan iborat ekani bilan ahamiyatlidir.
[gallery-29660]
Shuningdek, tanlov mutaxassislar tomonidan qo‘llanilayotgan eng yaxshi korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar va yangi pedagogik usullarni respublika miqyosida ommalashtirish, inklyuziv ta’lim sohasida mehnat qilayotgan fidoiy ustozlarni ma’naviy va moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash orqali kasb nufuzini oshirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘zlarining korreksion mashg‘ulotlarni o‘tkazish mahorati, zamonaviy ta’lim yondashuvlari va sohaga oid nazariy bilimlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
«Yilning eng faol maxsus pedagogi» ko‘rik-tanlovining Toshkent shahar bosqichi yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rin Sergeli tumanidagi 55-maktabning maxsus pedagogi O‘ringul Habibullayevaga berildi. Ikkinchi o‘rin Yunusobod tumanidagi 70-maktabning maxsus pedagogi Dilorom Abdulazizovaga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa Chilonzor tumanidagi 188-maktabning maxsus pedagogi Hayotxon Sobirova munosib topildi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov (suratlar),
O‘zA muxbirlari