Mehr-oqibat va hamjihatlik bayrami
Buxoro viloyatida muborak Qurbon hayiti bayrami milliy va diniy qadriyatlarimizga xos yuksak ruh, ezgulik va saxovat muhitida keng nishonlanmoqda. Muqaddas ayyom munosabati bilan viloyatning barcha shahar va tumanlarida xayriya tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar hamda obodonlashtirish ishlari tashkil etildi.
Bu yilgi Qurbon hayiti mamlakatimizda Prezidentimizning 2026-yil 18-martdagi “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida alohida ko‘tarinki kayfiyat va yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, Buxoro kabi azaliy islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lgan hududda ushbu muborak kunlar xalqning bag‘rikengligi, mehr-muruvvati va birdamligini yana bir bor namoyon etmoqda.
Erta tongdanoq viloyatdagi 107 ta jome masjidda hayit namozi ado etildi. Ushbu ibodatlarda 145 mingdan ortiq namozxon ishtirok etdi.

Hayit namozlarini munosib o‘tkazish maqsadida masjidlarda barcha sharoitlar yaratildi. Masjidlar va ularning atrof-hududlari obodonlashtirilib, tozalik va tartib ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Namozxonlar uchun qulay muhit yaratilishi bayramning fayzu barakasini yanada oshirdi.
Muborak ayyom munosabati bilan buxorolik ulamolar, imom-xatiblar, mahalla oqsoqollari, faxriylar va jamoat faollari tomonidan yurt tinchligi, xalqimiz farovonligi va mamlakat taraqqiyoti uchun samimiy duolar qilindi. Ma’ruzalarda insonparvarlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va o‘zaro hurmat kabi qadriyatlarni asrashning ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Qurbon hayiti nafaqat ibodat, balki saxovat va insonparvarlik ayyomi sifatida ham keng nishonlanadi. Ayniqsa, xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha homiylar tomonidan kam ta’minlangan oilalar, boquvchisini yo‘qotgan insonlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat faxriylariga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Shuningdek, “Muruvvat” uylarida ham xayriya tadbirlari tashkil etilib, keksa va nogironligi bo‘lgan insonlarga mehr va e’tibor ko‘rsatildi. Ular uchun dasturxonlar yozilib, sovg‘alar topshirildi. Bu kabi ezgu ishlar xalqimizga xos insonparvarlik va hamjihatlik fazilatlarining yorqin namunasi bo‘ldi.
Muqaddas qadamjolar va qabristonlarda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari ham bayram arafasidagi muhim xayrli tadbirlardan biriga aylandi. Ziyoratgohlar tartibga keltirilib, atrof-muhit obod qilindi. Bu ishlar xalqimizning muqaddas maskanlarga bo‘lgan yuksak hurmati va ajdodlar xotirasiga ehtiromini yana bir bor namoyon etdi.
Qurbon hayiti kabi muborak bayramlar jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, insonlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va birdamlikni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, ehtiyojmand insonlar holidan xabar olish, ularga ko‘mak berish xalqimiz ma’naviyatining ajralmas qismi hisoblanadi.
Buxoroda nishonlanayotgan Qurbon hayiti tadbirlari ham ana shu ezgu qadriyatlarning amaliy ifodasi bo‘lmoqda. Bu muborak kunlar insonlarni yanada yaqinlashtirib, qalblarga mehr, bag‘rikenglik va shukronalik tuyg‘ularini ulashmoqda.
Qurbon hayiti nafaqat diniy bayram, balki xalqimizning azaliy an’analari, insoniylik va saxovat kabi yuksak fazilatlarini ulug‘lovchi muqaddas ayyom sifatida Buxoro ahli hayotida yana bir unutilmas sahifaga aylandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari