YeXHTning yoshlar uchun media-lageri: dezinformatsiyaga qarshi kurash va raqamli xavfsizlik
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda uchratayotgan axborotlarning hammasi ham ishonchli bo‘lavermaydi. Texnologiyalar asri odamlarni yanada yaqinlashtirib, zarur ma’lumotlarni bir zumda topish imkonini bermoqda. Biroq ba’zan raqamli muhit manipulyatsiya, ekstremizm va radikallashuv uchun qulay maydonga aylanib qolmoqda.
Yoshlarning media savodxonligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlarning uzviy davomi sifatida, 2026-yil 27–29-sentabr kunlari O‘zbekistondagi YeXHTning loyihalar koordinatori tomonidan Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Parkent tumanida maxsus media-lager tashkil etildi. Unda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida jurnalistika, kinematografiya va dizayn yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 30 nafar iqtidorli talaba yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda media savodxonlik, axborotni tanqidiy baholash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda raqamli muhitda dezinformatsiyani aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Ushbu tashabbus bo‘lajak jurnalistlar, kinematografistlar va dizaynerlarga — zamonaviy media maydonini shakllantiradigan yosh mutaxassislarga — soxta axborotni aniqlash, faktcheking hamda ishonchli va xavfsiz kontent yaratish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarni beradi. Bu esa yoshlarning zo‘ravonlik, ekstremizm va radikallashuvning oldini olishdagi faol ishtirokini ta’minlaydi.
Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi direktori Gulnora Bobojonova loyihaning ahamiyati yuzasidan quyidagilarni ta’kidladi:
«Ekstremizm va radikallashuvga qarshi kurashda eng samarali qurolimiz — bu ishonchli va xolis axborotdir. Zamonaviy medianing vazifasi salbiy stereotiplarni tarqatish emas, balki jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashdan iborat. Jurnalistlar murakkab va nozik mavzularni professional darajada yoritish uchun doimiy ravishda yangi bilimlarni egallab borishi, bunda kasb axloqi me’yorlari va inson xavfsizligini har daqiqada yodda tutishi zarur».


Uch kun davomida ishtirokchilar interaktiv mashg‘ulotlarda qatnashib, real keyslarni tahlil qildilar hamda soha ekspertlaridan mahorat saboqlarini oldilar. Treninglarda raqamli xavfsizlik, kontent tayyorlashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, muqobil axborot narrativlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Talabalar internetdagi kundalik xatti-harakatlarimiz raqamli maydondan tashqarida ham insonlar va jamiyat hayotiga qay darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini tahlil qildilar.



O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Shamsiddin Talibboyev o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, quyidagilarni qayd etdi:
«Internetdan shunchaki foydalanishni bilishning o‘zi yetarli emas. O‘z harakatlarimizni va ularning boshqalarga ta’sirini tanqidiy baholay olish ham juda muhim. Boshqa shaxsning kontentini uning roziligisiz e’lon qilish yoki tarqatish real zarar yetkazishi mumkinligini anglashimiz va kiberbullingga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz kerak».
O‘zA