Kasbga o‘qitish va oliy o‘quv yurtiga tayyorlash markazlari foydalanishga topshirildi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida muddatli harbiy xizmatdagi yoshlarni kasbga o‘qitish va oliy o‘quv yurtiga tayyorlash markazlari foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni yangi binolarning ochilishi munosabati bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida milliy armiyamizning jangovar salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilarning xizmat va turmush sharoitlarini yaxshilash, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlarning kasb o‘rganish va ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qayta ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan kasb-hunarga o‘qitish va oliy o‘quv yurtiga tayyorlash markazlari binolarining foydalanishga topshirilishi shunday maqsadlarni o‘zida mujassam etgan ezgu ishlardan sanaladi. Jami 5 milliard so‘m mablag‘ hisobidan qayta ta’mirdan chiqarilgan binolarda yoshlar uchun barcha qulay sharoit yaratilgan.
Albatta, ushbu markazlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan yoshlar ta’lim olib, o‘zlari qiziqqan kasb sirlarini o‘rganadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri