Yetakchi brendlar Yangi Toshkentga taklif etildi
Poytaxtimizning yangi qiyofasi, kelajak va bunyodkorlik ramziga aylanib borayotgan Yangi Toshkent loyihasi izchil amalga oshirilmoqda. Ayni paytda mazkur ulkan hududda hayot qaynab, u tobora gavjum maskanga aylanib bormoqda. Yangi hududda aholi uchun qulay yashash manzillari bosqichma-bosqich tayyor holga keltirilar ekan, tabiiyki, ularning atrofida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va servis tarmog‘ini shakllantirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, aholining kundalik ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, restoran, kafe, tezkor ovqatlanish shoxobchalari hamda qandolat mahsulotlari markazlarini tashkil etish birlamchi vazifalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatimizda umumiy ovqatlanish sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan yetakchi brendlar asoschilari va tadbirkorlar Yangi Toshkentga maxsus taklif etildi.
Tashrif davomida tadbirkorlar dastlab shaharning birinchi bosqich hududida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalari, zamonaviy turar joy massivlari hamda servis ob’ektlari bilan yaqindan tanishdi. Mutaxassislar tomonidan ularga hududning xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi, arxitekturaviy yechimlar va kelgusida yaratiladigan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Bunday qulay va zamonaviy ob’ektlarni aholi yashash manzillariga yaqin joylashtirish fuqarolarning kundalik turmush tarzida ulkan qulaylikni ta’minlash, vaqtni tejash hamda turli ehtiyojlarga mos yuqori sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, ushbu biznes loyihalari shaharda faol ijtimoiy muhitni shakllantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, bu kabi uchrashuvlar ularga hududning kelajakdagi rivojlanish yo‘nalishlarini chuqur o‘rganish, o‘z biznesini yangi bosqichga olib chiqish hamda kelgusidagi faoliyatini shaharning umumiy urbanistik o‘sish jarayonlariga uyg‘unlashtirish imkonini beradi.
E’tiborli jihati, tadbir doirasida Yangi Toshkent hududida milliy va zamonaviy an’analarni o‘zida mujassam etgan “Khiva” restoranining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu kabi ob’ektlarning qad rostlashi yangi shaharda servis madaniyati yuqori darajada boshlanayotganidan dalolatdir.
Yangi Toshkentda barpo etilayotgan har bir infratuzilma ob’ekti inson qadrini ulug‘lash, qulay va farovon turmush sharoitini yaratishga qaratilgan bo‘lib, bu jarayonlar izchil davom ettiriladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA