Maktablarda o‘quv markazlari tashkil etiladi
Toshkent shahar hokimligida o‘quv markazlari rahbarlari hamda davlat tashkilotlari mas’ullari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar Yoshlar ishlari boshqarmasi, Markaziy bank, Xalq bankining Toshkent shahar bosh boshqarmasi hamda 30 ga yaqin o‘quv markazlari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda o‘quv markazlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim xizmatlari sifatini oshirish hamda yoshlar uchun zamonaviy va qulay qo‘shimcha ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, o‘quv markazlarining umumta’lim maktablarida faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mavjud bino va infratuzilmadan samarali foydalanish, buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish hamda maktab o‘quvchilarining ta’lim muassasasining o‘zida qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha takliflar tinglandi.

Bunda ta’lim kurslarini aholiga, xususan, yoshlar uchun yanada qulay va maqbul narxlarda taklif etish, shu bilan birga, ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda o‘quv markazlari rahbarlarining taklif va muammolari muhokama qilinib, maktablarda o‘quv markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini tashkil etish va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA