Yerlarni ijaraga berish muddati uzaytirilmoqda
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish muddati amalda 30 yil. Endilikda esa ushbu muddatni 49 yilga uzaytirish taklif etilmoqda. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga berishning eng ko‘p muddati esa 49 yil etib belgilanmoqda.
Parlament quyi palatasi majlisida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tizimlashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish muddatini uzaytirish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, chet el fuqarolari va yuridik shaxslari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga qishloq xo‘jaligi yerlaridan ikkilamchi ijara huquqi asosida foydalanish tartibi belgilanmoqda. Unga ko‘ra, amaldagi 25 yil o‘rniga 49 yilga ijaraga berish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, xalqaro amaliyotdan kelib chiqib qonunchilikdagi chet el fuqarolariga yer ajratish bilan bog‘liq tarqoq normalar tizimlashtirilmoqda. Mudofaaga mo‘ljallangan, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari chet elliklarga berilmasligiga qaratilgan normalar o‘z aksini topmoqda.
Shuningdek, noqishloq yerlarni auksion orqali ijaraga olish va ushbu yerni qayta ijaraga berishga ruxsat berilmoqda. Bundan tashqari, yakka tartibdagi uy-joylar joylashgan yer uchastkasi ijara huquqi asosida berilishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Qonun loyihasidagi normalar yer munosabatlarida davlat nazoratini mustahkamlaydi, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi hamda yer resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA