Chet el fuqarolarini turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazmaslik uchun javobgarlik oshirilmoqda
Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, chet el investitsiyalarini jalb qilish nuqtai nazaridan chet el fuqarolarining O‘zbekistonga kelishi va bu yerda turishi bilan bog‘liq tartib-taomillarni soddalashtirish va yengillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada 80 dan ortiq davlatlarning fuqarolari uchun vizasiz kirish tizimi joriy etilgan, elektron vizalarni berish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan. Natijada joriy yilning besh oyida yurtimizga xorijiy turistlar oqimi 27 foizga o‘sib, 5,5 million nafarni tashkil etdi.
O‘z navbatida, amaldagi qonunchilik bo‘yicha chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxonalar, motellar, turistik lagerlar, dam olish uylari va zonalari, sanatoriylar, davolash pansionatlari, davlat tasarrufidagi va xususiy klinikalar, shifoxonalar, kasalxonalarga kelganda, ushbu tashkilot va muassasalar tomonidan ularni kelgan vaqtning o‘zida ro‘yxatga olish tartibi joriy qilingan.
Bu borada ushbu tashkilot va muassasalar tomonidan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni belgilangan tartibda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi holatlari uchramoqda. Shu munosabat bilan qonunchilikka mazkur tashkilot va muassasalar tomonidan ushbu majburiyatlarini bajarmaganlik va shaxslarni “E-mehmon” axborot tizimiga kiritmaganlik bo‘yicha ularning javobgarligini oshirish taklif etilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Migratsiya sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ayni shu maqsadga qaratilgan.

Qonun loyihasi bilan amaldagi qonun hujjatlari 2025 yil 10-iyulda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun normalariga muvofiqlashtirilmoqda.
Xususan, qonun loyihasi bilan fuqarolarning yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq atama va tushunchalar, huquqiy mexanizmlar barcha qonun hujjatlarida birxillashtirilmoqda. Ya’ni, amaldagi bir qator kodeks va qonunlardagi “doimiy yashash joyi” yoki “vaqtinchalik yashash joyi” tushunchalari tegishincha “yashash joyi” va “turgan joyi” tushunchalari bilan almashtirilmoqda.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA