YeCHL finalida “Arsenal” va “PSJ” bugun to‘qnashadi
Yevropa Chempionlar ligasining joriy mavsum final uchrashuvi bugun 30-may kuni mamlakatimiz vaqti bilan soat 21:00da Vengriya poytaxti Budapesht shahridagi “Pushkash Arena” stadionida bo‘lib o‘tadi.
Unda Angliyaning “Arsenal” hamda Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klublari bosh sovrin uchun maydonga chiqadi. Finalga qadar har ikki jamoa murakkab va qiziqarli yo‘lni bosib o‘tdi. “Arsenal” umumiy guruh bosqichini 24 ochko bilan birinchi o‘rinda yakunlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri nimchorak finalga yo‘llanma oldi. Keyingi bosqichlarda londonliklar “Bayer”, “Sporting” va “Atletiko Madrid” kabi kuchli raqiblardan ustun kelib, hal qiluvchi bahsga chiqishni uddaladi. “PSJ” esa guruh bosqichini 14 ochko bilan 11-o‘rinda tugatgani uchun musobaqani pley-off bosqichidan davom ettirdi.

Parijliklar dastlab “Monako”ni, keyin esa “Chelsi”, “Liverpul” va “Bavariya” jamoalarini mag‘lub etib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Darvoqe, ushbu jamoalar Yevropa qit’asidagi turli musobaqalarda jami to‘qqiz marotaba to‘qnash kelgan. Unda “Arsenal” 4 marotaba g‘alaba qozongan bo‘lsa, 2 ta o‘yinda mag‘lub bo‘lgan qolgan 3 ta uchrashuv durang bilan yakunlangan. Biroq o‘tgan yili o‘tgan so‘nggi uchrashuvda “PSJ” 2:1 hisobida g‘alabani ilib ketgan. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, “Arsenal” uchun ushbu final alohida ahamiyat kasb etadi. London klubi uzoq tanaffusdan keyin aniqrog‘i, 2006-yildan beri ilk bora Chempionlar ligasi finaliga chiqishga muvaffaq bo‘ldi. “PSJ” esa o‘tgan yilgi chempionlik unvonini saqlab qolish uchun bugun bor kuchi bilan harakat qiladi.

Gapning lo‘ndasi shuki, bugungi final nafaqat Yevropa klub futboli mavsumining eng muhim o‘yini, balki joriy yilning eng qiziqarli futbol to‘qnashuvlaridan biri sifatida baholanmoqda. Ushbu bahsdan so‘ng esa dunyo futbol jamoatchiligining asosiy e’tibori AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan “Jahon chempionati–2026”ga qaratiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA