YeCHL: Bugun “PSJ” va “Atletiko” klublarining yarim finaldagi raqiblari aniq bo‘ladi
Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining yarim final bosqichiga yo‘l olgan ikki jamoa nomi aniq bo‘ldi.
Gap shundaki, tunda liganing chorak finalidan o‘rin olgan “Liverpul” - “PSJ”, "Atletiko" - "Barselona" klublari o‘rtasida javob uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Chorak final bosqichida "Liverpul" o‘z uyida “PSJ”ni qabul qilib, 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Ushbu o‘yinda Usmon Dembele dubl qayd etdi. Shu tariqa, parijliklar ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, umumiy 4:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Madrid shahrida o‘tgan "Atletiko" va "Barselona" uchrashuvi 1:2 hisobida yakunlandi. Dastlab, 4-daqiqada Lamin Yamal kataloniyaliklarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 24-daqiqada Ferran Torres oradagi farqni ikkitaga oshirdi. 31-daqiqaga kelib, Lukman hisobni qisqartirdi. Natijada “Atletiko” ikki o‘yin yakuniga ko‘ra 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, “Barselona” Yevropa chempionlar ligasida 2015 yildan buyon bosh sovringa ega chiqolmayapti.
Endi esa Chempionlar ligasining chorak final bosqichida bugun bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.

“Bavariya” o‘z maydonida “Real Madrid”ni qabul qiladi. Ilk uchrashuvda myunxenliklar safarda 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, yarim finalga chiqish imkoniyatini oshirgan edi. Madrid klubi ushbu imkoniyatni yo‘qqa chiqarish uchun mezbonlarni bugun kamida ikkita to‘p farqi bilan taslim etishi lozim bo‘ladi.

“Arsenal” Londonda “Sporting” klubini mehmon qiladi. Mikel Arteta shogirdlari ilk bahsda 1:0 hisobida g‘alabaga erishgan.
Darvoqe, yarim finalda “PSJ” klubi “Bavariya” va “Real” juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi. “Atletiko” jamoasiga “Arsenal” yoki “Sporting” jamoalaridan biri qarshilik ko‘rsatadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA