“Uzbekistan Judo Tour” g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlandi
Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasida “Uzbekistan Judo Tour” turkum musobaqasi yurtimizdagi 200 nafardan ziyod iqtidorli yoshlarni murosasiz bellashuvlar maydonida birlashtirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport sohasini rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda olimpiya sport turlarining ommaviyligini oshirishga qaratilgan shiddatli dzyudo bellashuvlar terma jamoaga nomzod ko‘plab dzyudochilarni jamlay olgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Bellashuvlar yakuniga ko‘ra, o‘z vazn toifalarida Abdurahim Nutfulloyev, Muso Sobirov, Fazliddin Rafiqov va So‘g‘diyona Rafkatova chempionlik shohsupasiga ko‘tarildi.

Umumiy mukofot jamg‘armasi 200 million so‘mdan iborat musobaqa yakunida g‘oliblar medal va diplomdan tashqari 22 million, kumush medal egalari 14, bronza medal sohiblari esa 7 million so‘mdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA