“Yashil makon” — kelajak uchun toza muhit
Davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida mamlakatimizda keng ko‘lamli ko‘chat ekish ishlari o‘tkazilmoqda.
Buxoro viloyatida ushbu xayrli tashabbus Buxoro tumanidagi “Xonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida, xalqaro ahamiyatga ega “M-37” avtomobil yo‘li bo‘yida ajratilgan 5 gektar maydonda tashkil qilindi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov boshchiligida mutasaddi rahbarlar, Oliy Majlis deputatlari, jamoatchilik vakillari, yoshlar, xotin-qizlar hamda mahalla faollari faol ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, loyiha 2021-yil kuzidan boshlab amalga oshirilib kelinmoqda. Shu vaqtga qadar Buxoro viloyatida 65 millionga yaqin daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlimni yumshatish borasida salmoqli ishlar qilindi. Shuningdek, shahar va tumanlarda 25 ta hududda 28,7 gektar maydonda “yashil bog‘”lar tashkil etildi va ularda 10 mingdan ortiq manzarali daraxtlar parvarishlanmoqda.
[gallery-28507]
Aholi uchun qulay dam olish maskanlarini yaratish maqsadida Buxoro shahriga tutash Bog‘idasht mahallasi hududida 43 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilmoqda. Bu yerda 20 ming tupdan ziyod daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, zamonaviy yashil hudud shakllantirilmoqda.
Bundan tashqari, Buxoro, Kogon va Qorovulbozor tumanlaridan o‘tuvchi “A-380” xalqaro avtomobil yo‘li bo‘ylab 30 kilometr masofada “yashil belbog‘”lar tashkil etildi. Ularda 5 qatordan 10 qatorgacha daraxt va buta ko‘chatlari ekilib, Koreya tajribasi asosida zamonaviy sug‘orish tizimi joriy qilingani alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Loyiha doirasida “Mening bog‘im” dasturi ham amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, har yili viloyatning barcha 13 ta shahar va tumanida kamida 0,5 gektar maydonda yangi “yashil bog‘”lar barpo etish rejalashtirilgan. Bu tashabbus aholi o‘rtasida birdamlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlamoqda.
Xonobodda o‘tkazilgan navbatdagi umumxalq hashari davomida 5 gektar maydonga turli xil manzarali daraxt ko‘chatlari ekib chiqildi. Jumladan, 300 tup qayrag‘och va sadaqayrag‘och, 200 tup katalpa va tut, 100 tup shumtol hamda yapon saforasi kabi ko‘chatlar mahalliy iqlim sharoitiga mos holda o‘tqazildi.
Bunday keng ko‘lamli ishlar nafaqat tabiatni asrash, balki kelajak avlod uchun sog‘lom va musaffo muhit yaratishga xizmat qiladi. “Yashil makon” loyihasi esa yurtimizni yanada obod va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib qolmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari