Navoiylik xotin-qizlar Bo‘stonliqda dam oldi
Yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarning salomatligini tiklash, ularning ruhiy barqarorligini mustahkamlash va hayotda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda.
Yaqinda 150 nafar navoiylik ehtiyojmand xotin-qizlar Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlarida sog‘lomlashtirish va mazmunli hordiq chiqarish tadbirlarida ishtirok etdi. Mazkur sayohat nafaqat dam olish, balki ishtirokchilarning ma’naviy va ruhiy tiklanishi uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan amalga oshirildi. Unga ko‘ra, har yili respublika bo‘ylab “Ayollar daftari”ga kiritilgan 50 ming nafardan ortiq ehtiyojmand xotin-qizlarni sog‘lomlashtirish, ularni huquqiy, psixologik hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish belgilangan. Shu orqali ularning hayotda o‘z o‘rnini mustahkamlashiga ko‘maklashiladi.

Bugungi kunda ushbu dastur doirasida ayollarga nafaqat moddiy, balki ma’naviy yordam ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki insonning ruhiy holati uning kelajakka bo‘lgan ishonchi va intilishlarida muhim o‘rin tutadi.
– Turmush o‘rtog‘im vafot etganiga 14 yil bo‘ldi. Besh nafar farzandimni yolg‘iz tarbiyalab, voyaga yetkazdim. Hozir ularning barchasi o‘qituvchi. Bu sayohatga birinchi marta chiqishim. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda xursandman. Yaxshi dam olib, yangi kuch-quvvat bilan uyga qaytdik, – deydi Navbahor tumani Saroy mahallasida istiqomat qiluvchi Muqaddam Sohibnazarova.

Bunday tadbirlar tizimli ravishda amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, viloyatdan har yili ming nafarga yaqin xotin-qizlar sog‘lomlashtirish maskanlariga yuborilib, ularning jismoniy salomatligi bilan bir qatorda ma’naviy-ruhiy holatini mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Ahamiyatlisi, bu kabi amaliy ishlar orqali xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishiga keng yo‘l ochilmoqda. Zero, ayollarning baxtli va farovon hayoti jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining muhim omilidir.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri