Yangi yil bayramiga yangi maskanlar
Chirchiq shahrida oxirgi yillar yangi ob’ektlar qurish, mavjudlarini kapital va joriy ta’mirlash hamda zamonaviy tarzda jihozlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, Quyosh mahallasida joylashgan 24-sonli umumta’lim maktabi uchun yangi qurilgan qo‘shimcha bino Yangi yil bayrami oldidan o‘quvchilarga munosib tuhfa bo‘ldi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda shahar hokimi Murodjon Abdurahimov, sektor rahbarlari hamda mutasaddilar, hudud faollari ishtirok etdi.


Qurilish-ta’mirlash ishlari tufayli o‘quv dargohida qo‘shimcha 540 o‘rinli yangi o‘quv binosi qad rostladi. Bu esa ota-onalar, ayniqsa, o‘quvchilarga xursandchilik ulashdi. Boisi, ilgari maktabda sinf xonalari yetishmasligi oqibatida dars jarayonlari ikki smenada tashkil etilar, bu esa, tabiiyki o‘quvchilar, ularning ustozlari uchun ham ko‘plab noqulayliklar tug‘dirar edi. Ushbu bunyodkorlik ishlariga 5 milliard 210 million so‘m sarflanib, o‘quvchilarning zamon talablari asosida bilim olishlarini ta’minlovchi sharoit muhayyo etildi.
Shuningdek, “Chinor” mahalla fuqarolar yig‘inida homiylik asosida qurilgan ikki qavatli “G‘uncha” davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti ham foydalanishga topshirildi. Ochilish marosimida qayd etilganidek, maktabgacha ta’lim tashkilotlarini zamon talablari darajasida yuqori saviyada tashkil etish, zarur anjomlar, malakali kadrlar bilan ta’minlash yetuk, barkamol kelajak avlodni tarbiyalashda muhim omil bo‘ladi.

Yangi qurilgan muassasada guruh va sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiyot xonasi, musiqa zali, alohida oshxona, umumiy ovqatlanish zali va o‘yin maydonchalari barpo etilgan. Maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy, aqliy, shaxsiy rivojlanishi uchun barcha sharoitlar mavjud. Ushbu MTTga 360 nafar bolalar qabul qilinib, belgilangan davlat talablari va dastur asosida, malakali mutaxassislar tomonidan ta’lim-tarbiya beriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotining tashkil etilishi chinorliklarning cheksiz quvonchiga sabab bo‘ldi. Zamonaviy jihozlarga ega binoda yaratilgan sharoitlardan keng foydalangan holda bolalarning yoshi, qiziqishi hamda qobiliyatidan kelib chiqib, sport, musiqa, til o‘rgatish, rasm to‘garaklari yo‘lga qo‘yildi.


Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi 61 ta ta’lim tashkilotlarida qurilish ta’mirlash ishlari olib borish uchun jami 393 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Jumladan, 45 ta umumta’lim maktabiga 301,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qo‘shimcha 15 628 o‘quvchi o‘rni yaratildi. O‘z navbatida 16 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 91,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, qo‘shimcha 2 ming 550 quvvat yaratildi.
Dastur doirasida qurilish ta’mirlash ishlari olib borilgan 45 ta umumta’lim maktabi, 16 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari to‘liq jihozlandi. Bundan tashqari, viloyatdagi barcha umumta’lim maktablariga 7 nomdagi musiqa hamda 5 nomdagi birlamchi sport jihozlari yetkazib berildi.



A.Musayev, O‘zA.